Qashqadaryoda qo‘riqlashning zamonaviy texnik vositalari ishlab chiqariladi
Qashqadaryo viloyatida qo‘riqlash tizimi uchun zarur bo‘lgan zamonaviy texnik vositalarni mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun viloyatda faoliyat yuritayotgan «S-SMART Security» korxonasi bilan hamkorlikda yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilinishicha, Toshkent shahridagi Qo‘riqlash xizmati ma’muriy binosida mazkur loyihani amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Qo‘riqlash departamenti boshlig‘i, polkovnik Qobil Shodibekov, Qashqadaryo viloyati hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Muratov hamda «S-SMART Security» korxonasi rahbariyati ishtirok etdi.
Uchrashuvda qo‘riqlash sohasida foydalaniladigan texnik vositalarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va sohaning texnik salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘rtasida yirik sarmoya loyihasini amalga oshirishga qaratilgan ikki tomonlama memorandum imzolandi.

Memorandum doirasida zamonaviy signalizatsiya tizimlari, intellektual xavfsizlik qurilmalari, nazorat va monitoring uskunalari hamda qo‘riqlashda qo‘llaniladigan boshqa texnik vositalarni Qashqadaryo viloyatida bosqichma-bosqich ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyati kengayadi. Shu bilan birga, qo‘riqlash sohasining zamonaviy texnik vositalarga bo‘lgan ehtiyojini ichki imkoniyatlar hisobidan ta’minlashga xizmat qiladi.
Uchrashuvda qo‘riqlash xodimlarining farzandlarini axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘qitish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Tomonlar ishlab chiqarish infratuzilmasini shakllantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda kelgusida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Qashqadaryoda qo‘riqlash texnik vositalarining ishlab chiqarilishi hududning sanoat salohiyatini oshirish bilan birga, xavfsizlik sohasida mahalliy ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga ham xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri