Qashqadaryoda necha foiz bola bog‘chaga boradi?
Bu haqda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, 2021 yilning 1 yarim yilligi davomida viloyatda 9 ta davlat (faoliyati ko‘rsatmagan va rekonstruksiya qilingandan so‘ng faoliyatini boshlagan), 12 ta xususiy (pochemuchkalar), 2 ta davlat-xususiy sherikchilik, 388 ta oilaviy nodavlat, jami 411 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, ularga 12 ming 98 nafar bolalar qamrab olingan.

Ushbu ishlar amalga oshirilishi barobarida viloyat aholi soni ko‘pligi, hududi kattaligi va tug‘ilish yuqoriligi sababli maktabgacha ta’limga qamrov bo‘yicha Respublikada quyi o‘rinlarda turibdi.
Ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2017 yilda viloyatdagi 3-7 yoshdagi bolalar soni 241 ming 843 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib statistik ma’lumotlar bo‘yicha 296 ming 449 ni tashkil etmoqda. Joriy davrda bolalar soni 54 ming 606 nafarga oshgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda qilingan davlat investitsiya dasturi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa davlat dasturi doirasida
jami 36 ming 79 nafar bola qo‘shimcha qamrab olinib, bog‘cha yoshidagi 294 ming 751 nafar bolaning 171 ming 562 nafari yoki 58,2 foizi qamrab olinishi rejalashtirilmoqda. Buning natijasida 2 ming 943 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Matbuot anjumani doirasida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi vakillari sohada qilinishi rejalashtirilayotgan loyihalar xususida ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, joriy yil yakuniga qadar viloyatdagi birorta ham maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lmagan 152 ta MFYdan olis va tog‘li hududda joylashgan 10 tasiga yengil konstruksiyali 3 ta guruhli davlat maktabgacha ta’lim muassasalari (13 milliard so‘m) qurish hisobiga 900 nafar (0,2 foiz) bola qamrab olinadi. Viloyatdagi 15 ta yirik tashkilot tomonidan har biriga bittadan 3 ta guruhli (90 o‘rinli) bog‘chalar tashkil etish hisobiga 1 ming 350 (0,5 foiz) nafar bola qamrab olinadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA