Qashqadaryoda “Mustaqillik to‘yi” festivali yuqori kayfiyatda o‘tmoqda
Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasidagi navbatdagi madaniy-ma’rifiy tadbir Kitob tumanida bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hamda Xalqaro innovatsion universitet hamkorligida tashkil etilgan festival tuman markazidagi Istirohat bog‘ida keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazildi.

Festival doirasida milliy hunarmandchilik mahsulotlari, yosh iste’dod egalarining ijodiy ishlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Shuningdek, turli madaniy-ma’rifiy loyihalar, ko‘ngilochar dasturlar hamda aholi uchun qiziqarli tadbirlar o‘tkazildi.

Bayram oqshomida taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Vatanni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, jo‘shqin chiqishlar va bayramona muhit tuman aholisi hamda mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

– Festival 26-iyul kuniga qadar viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkaziladi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari, senator Komila Karamova. – Tadbirlar davomida mustaqilligimizning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, aholining madaniy hordiq chiqarishini ta’minlashga qaratilgan qator loyihalar amalga oshiriladi.

Ta’kidlanganidek, “Mustaqillik to‘yi” festivali yurtdoshlarimiz qalbida Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va birdamlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Hududlar bo‘ylab festival doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri