Qashqadaryoda bunyodkorlik va yangilanishlar ko‘lami oshmoqda
Tashrifdan tashrifgacha
Qashqadaryo bugun katta o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Bir vaqtlar obodonlashtirishga ehtiyoj sezilgan mahallalarda zamonaviy infratuzilma shakllanmoqda, qishloqlarga ichimlik suvi kirib bormoqda, shaharlarda jamoat transporti tizimi yangilanib, aholi va sayyohlar uchun yangi maskanlar barpo etilmoqda. Bu jarayonlarning ahamiyati faqat qurilgan binolar yoki o‘zlashtirilgan mablag‘larda emas, balki odamlarning kundalik hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlarda namoyon bo‘lmoqda. Prezidentning viloyatga tashriflari davomida belgilangan vazifalar, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlar va mahalliy tashabbuslar bunyodkorlik ishlarining muhim omili bo‘lmoqda. Tashrifdan tashrifgacha bo‘lgan davr esa rejalarning qay darajada amaliy natijaga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Bunyodkorlik ishlarining eng muhim yo‘nalishlaridan biri mahallalarni kompleks rivojlantirish, odamlar uchun qulay yashash muhitini yaratishdan iborat. Bu borada Qamashi tumanidagi Chim va Shahrisabz tumanidagi Mevazor mahallalarida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga loyiq.
Chim mahallasidagi o‘zgarishlar alohida binolar qurish yoki ko‘chalarni ta’mirlash bilan cheklanmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-298-son qarori asosida amalga oshirilayotgan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasida hududning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy ob’ektlari va tadbirkorlik infratuzilmasini birgalikda rivojlantirishga e’tibor qaratilgan.
Dastlab shaharsozlik talablariga javob bermaydigan 78 ta xonadon atrofi tartibga keltirildi. Qarshi – Chim – Shahrisabz avtomobil yo‘li bo‘yidagi 17 ta, Chinorli va O‘rta Chim ko‘chalaridagi 59 ta xonadon qayta qurildi va ta’mirlandi. Ularning 14 tasida tijorat banklari ko‘magida qurilish ishlari olib borildi.
Infratuzilmani yangilash doirasida ikki kilometr avtomobil yo‘li asfaltlashtirildi, shuncha masofada piyodalar yo‘laklari va tungi yoritish tizimi barpo etildi, ikki dona 250 kVA quvvatli transformator, 220 ta temir-beton ustun hamda 8,4 kilometr elektr tarmog‘i qurildi. Ikkita artezian qudug‘i qazildi, uch kilometr ariqni betonlash va lotoklar o‘rnatish ishlari bajarildi.
Ijtimoiy soha ob’ektlarini yangilashga ham salmoqli mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, 4-sonli umumta’lim maktabida 12 milliard so‘mlik, 18-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida esa yetti milliard so‘mlik energiya tejamkor rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. 48-sonli oilaviy poliklinika zamonaviy tibbiy jihoz va mebellar bilan ta’minlandi.
Mahalla raisi Sobir Irisboyevning ta’kidlashicha, yangi mahalla va yoshlar markazi aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Unda davlat xizmatlari, huquqiy maslahatxona, ta’lim va sport markazlari hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashtirildi.
Shahrisabz tumanidagi Mevazor mahallasida ham obodonlashtirish ishlari odamlar turmush tarziga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Asfaltlangan ko‘chalar, tungi yoritish chiroqlari, piyodalar yo‘laklari va yangilangan sport zali hudud qiyofasini o‘zgartirgan. Yangi tashkil etilgan sexlar, hunarmandchilik markazlari va xizmatlar uyi orqali 200 dan ziyod ish o‘rni yaratilgan.
Mevazorda sut yig‘ish shoxobchasi tashkil etilishi chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xonadonlar uchun ham yangi imkoniyat ochgan. Sutni sifatli saqlash va yaxshiroq narxda sotish imkoniyati paydo bo‘lgan. Ko‘chalar bo‘ylab tok ko‘chatlari ekilishi esa hududni ko‘kalamzorlashtirish bilan birga, uzumchilikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mahalla markazida kasb-hunar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar markazlari, stomatologiya xizmati, fitnes klub hamda milliy taomlar tayyorlash markazlari faoliyat yuritmoqda. Bu esa qishloq sharoitida ham aholiga turli xizmatlardan foydalanish, tadbirkorlik qilish va daromad topish imkoniyatlari kengayayotganini ko‘rsatadi.
Demak, zamonaviy mahalla tushunchasi endi faqat obod ko‘cha yoki yangi binolar bilan emas, balki aholi bandligi, sifatli ijtimoiy xizmatlar va iqtisodiy imkoniyatlar bilan ham belgilanmoqda.
[gallery-32064]
Viloyat markazida ham aholi uchun qulay shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda jamoat transporti, sayilgohlar, yo‘llar va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Qarshi shahridagi “Anhor” kanali bo‘yida tashkil etilgan zamonaviy gastronomik ko‘cha shunday loyihalardan biridir. Roguzar mahallasi hududida, Islom Karimov va Jayxun ko‘chalarini bog‘lovchi 700 metrlik masofada barpo etilgan mazkur maskan tunu kun faoliyat yuritishga mo‘ljallangan.
Loyihani amalga oshirish uchun byudjet mablag‘lari hisobidan olti milliard so‘m, tadbirkorlar tomonidan esa sakkiz milliard so‘m sarmoya yo‘naltirilgan. Hududda 700 metr avtomobil yo‘li kengaytirilib, 1,4 kilometrlik salomatlik yo‘lakchasi barpo etilgan. Quyosh energiyasida ishlaydigan 81 ta ko‘cha chirog‘i o‘rnatilgan.
Kanal bo‘yida uchta damba, yangi ko‘prik, uchta charxpalak, to‘rtta favvora, bolalar o‘yingohi, dam olish ayvonlari va o‘rindiqlar tashkil etilgan. Natijada avval asosan o‘tish yo‘li sifatida foydalanilgan hudud aholi sayr qilishi, oilaviy dam olishi mumkin bo‘lgan maskanga aylangan.
Loyihaning iqtisodiy samarasi ham e’tiborga molik. Bu yerda 25 ta yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ekti ishga tushirilgan, mavjud 15 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyati kengaytirilgan. Roguzar mahallasida 17 ta ko‘cha, 1 ming 522 ta xonadon bo‘lib, qariyb 5 ming 900 nafar aholi istiqomat qiladi. Demak, mazkur loyiha shaharning bir qismi qiyofasini yangilash bilan birga, ko‘plab oilalarning dam olish madaniyati va tadbirkorlik imkoniyatlariga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Qarshidagi zamonaviy Suv sporti saroyi esa ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishning yana bir yirik namunasidir. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan barpo etilgan majmua ikki gektar maydonni egallagan bo‘lib, turli suv sporti musobaqalarini o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Unda 50×21 metr o‘lchamli suzish havzasi, balandlikdan suvga sakrash havzasi, bolalar hovuzlari, fitnes va yig‘ilish zallari, 700 o‘rinli tomoshabinlar tribunasi hamda sportchilar uchun zarur boshqa sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy inshoot yoshlarni sportga jalb etish, iqtidorli sportchilarni tayyorlash va nufuzli musobaqalarni o‘tkazish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Shunday qilib, Qarshidagi bunyodkorlik ishlari shaharning tashqi qiyofasini o‘zgartirishdan tashqari, aholi harakatlanishi, dam olishi, sport bilan shug‘ullanishi va xizmatlardan foydalanishi uchun ham yangi sharoitlar yaratmoqda.
Qashqadaryoning turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish ham bunyodkorlik jarayonlarining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, Shahrisabz tumanidagi Miraki hududida amalga oshirilayotgan loyihalar tabiiy imkoniyatlarni zamonaviy xizmatlar va yangi daromad manbalari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Mazkur hududda ishga tushirilgan dor yo‘li yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi. Qiymati 160 milliard so‘m bo‘lgan ob’ekt yettita minora va sakkiz o‘rinli 20 ta kabinani o‘z ichiga oladi. Umumiy uzunligi 2 ming 84 metr bo‘lgan dor yo‘li har soatda 660 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega.
Pastki bekatda kafe, tibbiyot punkti, ona va bola xonasi, avtoturargoh, suvenir do‘koni va elektromobillarni quvvatlash stansiyasi tashkil etilgan. Yuqori bekatda esa ovqatlanish shoxobchasi, bolalar maydonchasi va tomosha zonalari mavjud. Bu sayyohlarga faqat tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lish emas, balki bir joyning o‘zida turli xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.
Mirakidagi yana bir yirik tashabbus «Miraki gardens» agroturizm majmuasidir. 520 gektar maydonni egallagan hududda mehmonxona, yer osti xobbit uylari, o‘rmonzor, bog‘ va uzumzorlar tashkil etilgan. Bog‘dorchilikda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanilmoqda. Majmuada meva yetishtirish, ularni saqlash va kelgusida eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.
Loyiha to‘liq ishga tushirilishi natijasida 350 ta doimiy va mingdan ziyod mavsumiy ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. E’tiborlisi, ishchilarni mahalliy aholi orasidan jalb qilish belgilangan.
Bu yerdagi o‘zgarishlarning ahamiyati shundaki, ilgari samarasiz foydalanilgan qir-adirlar endi turizm, bog‘dorchilik va xizmat ko‘rsatishni birlashtirgan iqtisodiy makonga aylanmoqda. Bunday yondashuv hududning tabiiy imkoniyatlaridan foydalanish, aholi bandligini oshirish va mahalliy mahsulotlarni bozorga olib chiqish uchun sharoit yaratadi.
Miraki misolida turizmni rivojlantirish faqat mehmonxona yoki dam olish maskanlari qurishdan iborat emasligi ko‘rinadi. Bu jarayon transport, ovqatlanish, savdo, qishloq xo‘jaligi va boshqa xizmatlarni ham harakatga keltiradi. Natijada bir loyiha atrofida o‘zaro bog‘liq iqtisodiy faoliyat shakllanishi mumkin.
Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami turli sohalar va hududlarni qamrab olmoqda. Chim va Mevazor mahallalaridagi o‘zgarishlar mahalla infratuzilmasi, bandlik va xizmatlar rivojiga qaratilgan bo‘lsa, ichimlik suvi loyihalari qishloq aholisining kundalik hayotidagi eng muhim ehtiyojlardan birini hal etishga xizmat qilmoqda. Qarshidagi yangi sayilgoh, jamoat transporti va Suv sporti saroyi shahar muhitini zamonaviylashtirishga hissa qo‘shayotgan bo‘lsa, Mirakidagi loyihalar turizm va tadbirkorlik imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Ushbu misollarni birlashtirib turgan jihat bunyodkorlik ishlarining inson manfaatiga yo‘naltirilganidir. Yangi yo‘l aholi harakatini yengillashtirishi, ichimlik suvi xonadongacha yetib borishi, zamonaviy maktab va tibbiyot muassasalari xizmat sifatini oshirishi, turizm ob’ekti esa mahalliy aholiga ish va daromad keltirishi bilan qadrlidir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari