Qashqadaryo xabarlari – qisqa satrlarda
Kitob tumanidagi chekka tog‘li hududda joylashgan 50-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali matematika fani o‘qituvchisi Parvoz Elmirzayev matematikadan saboq bergan 23 nafar o‘quvchining 22 (96 foiz) nafari OTM talabasi bo‘ldi.
Talaba bo‘lgan bitiruvchilarning 12 (55 foiz) nafari matematika o‘qituvchisi kasbini tanlagan.

Boshqa maktablardan kelib domlada saboq olgan o‘quvchilar ham talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan. Bu Respublika bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan o‘quv yilida mazkur maktab bitiruvchilarining 42 foizi OTM talabasi bo‘lgan edi, mazkur o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 66 foizga chiqdi.
***
Muborak tumani “Muborak qorako‘lchilik” naslchilik MCHJda xo‘jaliklararo qorako‘l zotli naslli qo‘chqorlarni almashtirish bo‘yicha respublika seminari bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi Murotjon Azimov, sohaga mas’ul rahbarlar, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari chorvadorlari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: viloyatda 140 ming boshga yaqin qorako‘l zotli qo‘ylar parvarishlanadi. Shundan 72 ming boshi sovliq, 4 ming 200 boshi naslli qo‘chqor, qolgani o‘tgan yil va joriy yilda tug‘ilgan naslli qo‘zilardir. Shuningdek, 100 ta tuya va 100 ta ot parvarish qilinmoqda.

Seminarda viloyat rahbari so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan qorako‘lchilik tarmog‘ida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish orqali sifatli qorako‘l teri yetishtirish, cho‘l ozuqabop ekinlar urug‘chiligi maydonlarini tashkil etish va yaylovlar hosildorligini oshirish hamda qorako‘lchilik sub’ektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga katta e’tibor berilayotganligi natijasida qorako‘lchilik sohasida muhim o‘zgarishlar yuz berayotganini ta’kidladi.
Bir guruh MJCH rahbarlari, chorvador va cho‘ponlar viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish va ularning muammo-takliflarini manzilli o‘rganib hal etish maqsadida viloyati hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi sektor rahbarlarining viloyatda turli sohalarida faoliyat yuritayotgan va ta’lim olayotgan yoshlar bilan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar tinglanib, ularni amaliyotga tadbiq etish va yechimi alohida nazoratga olinib, mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, sektor rahbarlari oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, homiylikka olingan chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar bilan uchrashib, ularning kelgusi rejalari haqida suhbatlashdi.

Ma’lumot o‘rnida: “Mehr daftari”ga kiritilgan 450 nafar bolaning orzu-istaklarini amalga oshirish uchun “Mehr daftari” jamg‘armasidan 2 milliard 402 million so‘m mablag‘ ajratilib, zamonaviy tikuv mashinalari, IT bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga kompyuterlar va boshqa bir qancha jihoz hamda texnikalar topshirilgan.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri