Qashqadaryo viloyati: Xush kelding Navro‘zi olam
“Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” g‘oya asosida o‘tkazilgan bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.
Qarshi shahrida davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida nishonlangan bayram tadbirida Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov voha aholisini Navro‘zi olam bilan tabrikladi.
Milliy o‘zligimizning ko‘zgusi bo‘lgan Navro‘z – sharqona yangi yil debochasi, serhosillik, qut baraka, rizq-ro‘z mo‘lligini o‘zida mujassam etgan, aholi turmush tarzidagi betakror urf-odat va ana’analarni singdirgan sevimli bayramdir. Bayram kunlarida yaqinlarni yo‘qlash, yoshi ulug‘larning duosini olish, sayillar o‘tkazish, milliy taomlar tayyorlab, to‘kin dasturxon atrofida ezgu niyatlar qilish urf bo‘lgan.
[gallery-6249]
Navro‘z – mehr-muhabbat bayrami. Bayram munosabati bilan e’tiborga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, imkoniyati cheklangan odamlarning yoki betob yotganlarning holidan xabar olinadi, ularga sovg‘a salomlar ulashiladi. Bu kabi odatlar, qadriyatlar insonlar orasidagi mehr-oqibatni mustahkamlashi barobarida, o‘zaro birdam bo‘lish, bir-birini suyash, asrab-avaylash kabi fazilatlarni ham ko‘rsatadi.
Yangi O‘zbekistonda yangicha dunyoqarash bilan yashash g‘oyasi ilgari surilmoqda. Uchinchi Renessans poydevorini yaratish maqsad-muddaolarimizning bosh o‘zagi bo‘lib, xalqimizni umumiy maqsadlar yo‘lida birlashtirmoqda. Bu yangilanishlar, islohotlar jamiyatni, xalqimizning ongu tafakkurini uyg‘otib, beqiyos salohiyatini namoyon etmoqda. Jonajon O‘zbekistonimiz bugun o‘z milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ymoqda.
Ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2022 yil “Yashil bir yillik” umummilliy tadbir yili deb e’lon qilindi. Mazkur keng ko‘lamli va ibrat namunasi bo‘lgan tadbir doirasida ayni kunda viloyatning barcha tuman, shahar, mahalla, ko‘chalariga 12,1 million tup nihollar ekildi. “Daraxt ekib, bog‘ yaratamiz, yurtimizni yanada obod qilamiz”, degan ezgu shior ostida olib borilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida yoshu keksa birdek zo‘r qiziqish va ko‘tarinki kayfiyat bilan ishtirok etmoqda. Bugun ekilgan nihollar qad rostlab, meva beradi, yon atrofga ko‘rkamlik baxsh etadi, muqaddas Vatan bog‘ini obod qiladi.
Bugun hududlarda ish boshlagan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari tomonidan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda, aholining dilida tugib yurgan orzu, istaklari ularning da’vati bilan amalga oshirilmoqda, loyihalar ishlab chiqilyapti. Bu albatta, mehnatsevar xalqimizning ko‘nglidagidek ish bo‘lmoqda. Viloyatdagi 813 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish boshlagan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning joylardagi ijrochisi, targ‘ibotchisi bo‘lmoqda.
Navro‘z bayrami o‘z ruhi va falsafasi bilan hayotimizga singib ketgan. Borliqni asrab-avaylab, u bilan uyg‘un yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, do‘stlik, hamjihatlik singari yuksak g‘oyalarni ulug‘lashi bilan teran mazmun kasb etadi. Mamlakatimizda keng ko‘lamda olib borilayotgan demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tinch va osuda yurtga bayramlar yarashadi. Tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrasak, ko‘zlagan marralarimizga albatta erishib boraveramiz. Bugun dunyo miqyosida globallashuv jarayoni kechayotgan bir paytda barchamiz teran anglayapmizki, hayot hamisha ham bir tekisda kechavermaydi, sinovlar, qiyinchiliklar bizni yanada birlashtirib, yanada jips bo‘lib mehnat qilish, tinchlikni qadrlashga o‘rgatmoqda. Ayni shu muazzam damlarda elimiz dilidagi, tilidagi muqaddas kalomni aytamiz: jahonda tinchlik bo‘lsin!
Navro‘z har bir xonadonga, butun el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.