Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi qarzdorlikni qoplash maqsadida elektron auksion savdosiga chiqarildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosining Sardoba tuman bo‘limi xabar berdi.
Viloyat sudining 2025 yil 17 iyundagi ijrosiga ko‘ra, qarzdor fuqarolardan “Sardoba tuman elektr ta’minoti korxonasi” foydasiga 1,3 milliard so‘m miqdoridagi zararni undirish belgilangan edi. Ammo qarzdorlar ko‘rsatilgan muddat ichida majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarishmagan.
Shu bois, qarzdorlarga tegishli bo‘lgan Sardoba tumani, Xalqobod mahallasi hududidagi “Metan” avtomobillarga gaz quyish stansiyasi xatlanib, 1 milliard 347 million so‘m boshlang‘ich qiymatda “E-auksion” elektron savdo maydonida auksionga chiqarildi.
– Ijro hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi qonun ustuvorligining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi, – deydi MIB Sardoba tuman bo‘limining boshlig‘i Elyor Po‘latov. – Biz ijro jarayonlarini fuqarolar manfaatlarini himoya qilgan holda, adolat va qonuniylik asosida amalga oshiryapmiz. Qarzdorlarga yetarli muddat berildi, ammo to‘lov amalga oshirilmagani sababli majburiy choralar qo‘llanildi.
E. Po‘latovning ta’kidlashicha, auksion savdolari ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilib, tushgan mablag‘ qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi.
MIB ma’lumotlariga ko‘ra, bunday choralar nafaqat davlat korxonalari foydasiga zararni qoplash, balki fuqarolik munosabatlarida moliyaviy intizom va ijro intizomini mustahkamlashga yordam beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri