Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi buyrug‘iga asosan qarzdor K.A.dan bir nafar farzandi ta’minoti uchun sobiq turmush o‘rtog‘i foydasiga aliment undirish belgilangan.
Qarzdor aliment pullarini to‘lashdan qochib yurganligi sababli unga nisbatan Majburiy ijro byurosi Taxiatosh tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan 2020-yil 12-mart kuni qidiruv e’lon qilingan. Uning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi joriy yil 1-may holatiga ko‘ra 101 million so‘mni tashkil etgan.
Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruvda qarzdor K.A. Xorazm viloyati, Urganch tumanida ikkinchi oilasining uyida istiqomat qilayotganligi aniqlandi. Byuroning Xorazm viloyati boshqarmasi qidiruv shu’basi xodimlari bilan birgalikda amalga oshirilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida 4-yildan ortiq vaqt mobaynida qidiruvda bo‘lgan qarzdor K.A Xorazm viloyati, Urganch tumanida joylashgan tovuq fermasida ishlayotgan vaqtida topilgan.
Hozir qarzdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Taxiatosh tuman sudiga yuborilgan va ushbu sud tomonidan joriy yil 6-may kuni qarzdor K.A.ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri