Soliqlar va majburiy to‘lovlarni o‘z muddatida va to‘liq to‘lamaslik oqibatida yirik qarzlar yuzaga kelaveradi.
Soliq va boshqa majburiy to‘lov qarzdorliklarining oshib ketishi davlat byudjetiga hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga salbiy ta’sir qilishi tabiiy.
Shu sabab, Majburiy ijro byurosi Qo‘qon shahar bo‘limida ham qarzdorliklarni undirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, fuqaro M.Mning katta miqdordagi qarzlarini vaqtida to‘lamagani yuzasidan ijro ishi ijobiy yakunlandi.
M.M.ning Qo‘qon shahar Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga naqd 7 milliard 504 million so‘mlik soliq qarzi mavjud edi. Ammo, qarzdor ijro hujjatida ko‘rsatilgan talablarni ixtiyoriy ravishda bajarmay kelayotganligi sabab, unga tegishli tamaddixona qarzdorlik evaziga xatlandi.
Hozirda mazkur ko‘chmas mulk bino-inshootlarini realizatsiya qilish choralari ko‘rilmoqda. Kelgusida mulk sotuvidan tushgan pul mablag‘lari soliq qarzdorligini so‘ndirishga qaratiladi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati Davlat soliq boshqarmasining qarzdor korxonadan 500 million so‘m soliq qarzi hamda davlat bojlarini undirish haqidagi ijro hujjatlari yuzasidan ishchi guruh tuzildi.
Majburiy ijro harakatlari amalga oshirilib, qarzdorning balansidagi savdo do‘koni ham xatlandi. Shuningdek, tadbir davomida 150 million so‘m soliq qarzi undirilgan.
O‘zA