Sud qarorlariga asosan qarzdorlikni undirish Majburiy ijro byurosi organlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Jumladan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati Qorako‘l tumanlararo sudining 2022 yil 22 sentyabrdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor “Mo‘ynachi Hunarmand” fermer xo‘jaligidan undiruvchi F.Sobirov foydasiga jami 312 million 21 ming so‘m undirish haqidagi ijro hujjati Byuroning Qorako‘l tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan shu kuni ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorlikni bartaraf qilish uchun qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan va qarzdorlikni bartaraf qilish haqida ogohlantirish berilgan bo‘lsada, fermer xo‘jaligi rahbari ijro hujjati talablarini bajarishdan bo‘yin tovlab ketganligi sababli fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan “ARION 630C” rusumli traktor xatlanib, jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Qarzdorlik belgilangan muddatda bartaraf qilinmagan taqdirda, traktor baholanib, “E-auksion” elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarilishi haqida ogohlantirildi.
Ijro hujjati talablarini o‘z vaqtida va ixtiyoriy bajarmaslik, majburiy ijro harakatlarini o‘tkazishga sabab bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA