Qarz to‘lanishi shart, yo‘qsa...
Majburiy ijro byurosining Guliston tuman bo‘limi tomonidan soliq organlari tomonidan chiqarilgan soliq qarzdorliklarini undirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning 1 yanvarigacha bo‘lim ish yurituvida jami 2 219 ta ijro hujjati mavjud bo‘lib, ular 378 ta qarzdor fermer xo‘jaliklaridan 17 milliard 141 million so‘m soliq qarzdorligini undirishga qaratilgan.

Mazkur hujjatlar bo‘lim ish yurituviga kelib tushganidan so‘ng, ijro ishlarini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi va majburiy ijro harakatlari boshlandi. Ijro hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, jumladan 46, 47, 58 va 60-moddalar asosida amalga oshirildi. Qarzdorlarning barcha bank hisob raqamlariga band solinib, elektron inkasso topshiriqnomalari qo‘yildi.

Xususan, kuni kecha Guliston tumani bo‘limi ishchi guruhi bir qator fermer xo‘jaliklariga tegishli mol-mulklarni xatladi. Jumladan, “Badalbek” fermer xo‘jaligiga tegishli TTZ-80-10 rusumli agrotexnika vositasi, “Buloq Jilosi” fermer xo‘jaligiga tegishli Volksagen id4 x avtotransport vositasi, “Sharq Lochinlari Makoni” fermer xo‘jaligiga tegishli TTZ-100xc rusumli agrotexnika vositasi, “Sobir Saodat Hamkor” fermer xo‘jaligiga tegishli Volksagen id4 faw lite pro avtotransport vositasi, “Yangi Xirmon Sari” fermer xo‘jaligiga tegishli Claas dominator-130 agrotexnika vositasi, “Yangi Hayotlik Paxtakor” fermer xo‘jaligiga tegishli Vektor-410 agrotexnika vositalari xatlandi.

Hozirda ushbu xatlangan mol-mulklarning realizatsiyasi uchun tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Ko‘rilgan choralar natijasida 22 ta fermer xo‘jaligidan 449 million so‘mdan ortiq soliq qarzdorligi undirildi. Shu bilan birga, bo‘lim ish yurituvida joriy yilning 11yanvar holatiga ko‘ra, 2 159 ta ijro hujjati bo‘lib, ular 367 ta qarzdor fermer xo‘jaligidan 16 milliard 690 million so‘m soliq qarzdorligini undirish bilan bog‘liq. Qoldiqdagi ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli choralar olib borilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri