Qarz munosabatlari qanday tartibga solinadi?
Keyingi paytda sudlarda qarz berib, pulini qaytarib ololmasdan aziyat chekib yurgan insonlarning da’vo arizalari bo‘yicha fuqarolik ishlari ko‘payib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga ko‘ra, qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi.
Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
Fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.
Da’vogar R.S. sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda tanishi bo‘lgan javobgar K.M.ga 10 million 900 ming so‘m qarz berganligi, shu kunga qadar javobgardan qarzni qaytarishi bo‘yicha bir necha bor murojaat qilganligi, lekin u uni aldab kelayotganligi uchun ushbu qarzni undirib berishni so‘ragan.
Sud majlisida javobgar da’voni qisman tan olib, u olgan qarzining 8 million 900 ming so‘mini qaytarganligini, faqat 2 million so‘m qarzi qolganligini aytadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 109-moddasiga ko‘ra, bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi, biroq nizo chiqqan taqdirda taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Taraflar bitimning tuzilganligini, mazmuni yoki bajarilganligini yozma yoki boshqa dalillar bilan tasdiqlashga haqlidirlar.
Qonunda yoki taraflarning kelishuvida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan hollarda bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib keladi.
Ish bo‘yicha da’vogar javobgarga qarz summasini berganida undan tilxat yozdirib olgan. Javobgar esa qarzning ko‘p qismini qaytarganligi haqida da’vogardan tilxat yozdirib olmaganligi va qarzni qaytarganligini tasdiqlovchi isbot-dalillarni taqdim eta olmaganligi sababli, u sudda guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan isbotlashdan mahrum bo‘lgan va sud da’vogarning da’vo arizasini qanoatlantirib, javobgardan da’vogarning foydasiga 10 million 900 ming so‘m qarz va sudga da’vo ariza berish vaqtida to‘langan davlat boji, pochta xarajatlarini undirish haqida hal qiluv qarori chiqargan.
Shu o‘rinda fuqarolarimizga birovga qarz berishdan avval qarz shartnomasi tuzishni yoki qarz oluvchidan unga qarz berganligini tasdiqlovchi tilxatni, albatta, yozdirib olishni, shuningdek o‘z o‘rnida qarz oluvchilarga esa qarzni qaytarganda yoki bo‘lib-bo‘lib qaytarganda qarz beruvchidan tilxat yozdirib olishni unutmaslikni tavsiya etamiz. Chunki qonunda qarz undirish toifasidagi ishlarni faqat hujjatlar asosida hal etilishi muqarrar belgilangan.
Yana bir misol. Da’vogar O.Sh. sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, unda u 2019 yil tanishi P.R.ga 2000 AQSH dollari miqdorida qarz sifatida bir oyga qaytarib berish sharti bilan berganligini, javobgar unga qarzni olayotgan vaqtida qarzni qaytarish vaqtini ko‘rsatib tilxat yozib berganligini ko‘rsatib, javobgardan 2000 AQSH dollarini hamda sud xarajatlarini undirishni so‘ragan.
Javobgar sud majlisiga sababsiz kelmaganligi bois, sud ishni unga nisbatan sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rib, da’vo arizani qanoatlantirgan.
Yana bir misol: Da’vogar B.K. sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda javobgar O.P.dan 8 millon so‘m qarzni bank foizlari bilan undirib berishni so‘ragan.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddaga ko‘ra, boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamg‘arish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz to‘lanishi kerak.
Foizlar miqdori kreditor yashaydigan joyda, kreditor yuridik shaxs bo‘lganida esa, uning joylashgan yerida pul majburiyati yoki uning tegishli qismi bajarilgan kunda mavjud bo‘lgan bank foizining hisob stavkasi bilan belgilanadi. Qarz sud tartibida undirib olinganida sud kreditorning talabini da’vo qo‘zg‘atilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab qondirishi mumkin. Ushbu qoidalar qonunda yoki shartnomada boshqa foiz miqdori belgilangan bo‘lmasa qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999 yil 24 sentyabrdagi “Fuqarolik kodeksini tatbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g‘risida”gi 16-sonli qarorining 22-bandida, FKning 734-moddasiga asosan qarz shartnomasi haq evaziga tuzilgan deb faraz qilinadi va foizlar miqdori shartnoma bilan belgilanadi. Foiz oluvchidan foizlar undirishda sud bir vaqtning o‘zida foiz summasidan davlat foydasiga soliq undirishi lozim – deb ko‘rsatilgan.
Sud yuqorida qayd etilgan qonun talablari hamda Oliy sud Plenumining qarori ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, javobgardan da’vogarning foydasiga qarzni dollarning so‘mga nisbatan qiymati miqdorida 8 million so‘m asosiy qarz, 295 ming 700 so‘m sud xarajatlari va 206 ming 500 so‘m bank foizlarini undirishni hal qiluv qarorida belgilagan.
Shu bilan birgalikda sud da’vogardan daromad solig‘i stavkalariga asosan, davlat foydasiga 32 ming 900 so‘m daromad solig‘i undirgan.
Har bir ishning so‘rovi bor, deyishadi. Shu boisdan har qanday vaziyatda ham vijdonan ish tutmagan odamga hech narsani ishonmaslik, qarz berayotgan insoningizning, avvalo, kimligini, uning qarzni qaytara olish salohiyatini o‘rganish lozim. Eng asosiysi, qarz berganda va olganda yuqorida qayd etilgan qonun talablariga rioya etish foydadan holi bo‘lmaydi.
Ibodat Shoymardonova,
Navoiy viloyat sudi sudyasi.
Aziza Ro‘ziyeva,
Navoiy viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti.
O‘zA