Bugun yer yuzida 3,3 milliard kishi sog‘liqni saqlash yoki ta’limga qaraganda qarzga xizmat ko‘rsatish uchun ko‘proq pul sarflaydigan mamlakatlarda yashaydi. Deyarli barcha rivojlanayotgan davlatlarda foiz to‘lovi iqlim sarmoyasidan oshib ketgan.
Bu tashvishli ma’lumotni yaqinda Jenevada qarzni boshqarish bo‘yicha 14-konferensiya ochilishida BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (YUNCTAD) bosh direktori Rebekka Grinspan oshkor qildi.
Anjumanda qarz boshqaruvini takomillashtirish, innovatsion qarz vositalarini yaratish va institutsional salohiyatni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Dunyoning ko‘plab davlatlari duch kelayotgan hozirgi qarz inqirozi va ushbu vaziyatdan chiqish yo‘llari tahlil etildi. Konferensiya siyosatchilar, fuqarolik jamiyati vakillari, akademiklar va xalqaro tashkilotlarni birlashtirdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, qarzning asosiy unsurlari shaffoflik, korrupsiyadan xoli jamiyat va milliy ustuvorlikni oqilona taqsimlashdir.
Shu bilan birga, tegishli islohot olib borilishiga qaramasdan, ko‘p yurtlarda tashqi ta’sir, jumladan pandemiya, iqlim o‘zgarishi, savdodagi uzilish va foiz stavkasi keskin oshishi tufayli qarz inqirozi yuzaga chiqishi mumkin. Taassufki, bu jarayonni alohida mamlakatlar nazorat qila olmaydi.
Ko‘p tomonlama institutlar eskirgan. Global moliyaviy arxitektura surunkali investitsiya muammosidan aziyat chekayotgan rivojlanayotgan mamlakatlar zimmasiga yuqori kapital xarajatini yuklamoqda. Qolaversa, hamon davlatni tashqi zarbadan himoya qilish uchun universal xavfsizlik tarmog‘i va zarur miqyosda arzon, uzoq muddatli resurs taqdim eta oladigan ko‘p tomonlama moliyaviy tizim mavjud emas.
Ma’lumotga ko‘ra, 2023 yil rivojlanayotgan mamlakatlar eksport daromadining o‘rtacha 16 foizini qarzni qoplashga sarflagan. Bu 5 foizlik chegaradan uch barobar ko‘p. Afsuski, ko‘p tomonlama vositalar muammoni hal qilishga moslasha olmadi. Ayrim yurtlar yillar davomida qayta tuzilishni kutmoqda. Zarur mexanizm yo‘qligi sababli qarzni muzlatib ham bo‘lmaydi.
Ekspertlar fikricha, qarzni restrukturizatsiya qilishda kelib chiqadigan qo‘shimcha murakkablikning sababi kreditorlar manzarasi o‘zgarishi bilan bog‘liq. Rivojlanayotgan mamlakat qarzining qariyb uchdan ikki qismi hozir an’anaviy ikki tomonlama donor kreditordan farqli tamoyil asosida ishlaydigan xususiy ko‘makchilarga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatlar qarzga xizmat ko‘rsatish uchun juda ko‘p pul sarflayapti. Holbuki, buning o‘rniga rivojlanishga sarmoya kiritilishi kerak edi. Natijada davlatlar aro va mamlakat ichidagi tengsizlik kuchaymoqda.
Anjuman ishtirokchilari nafaqat muammolarni tashhislash, balki haqiqatga aylantirilishi mumkin bo‘lgan aniq vosita, strategiya, tajriba va innovatsiya bilan bo‘lishish imkonisha ham ega bo‘ldi.
Darvoqe, 45 yildan oshdiki, YUNCTAD tizimi 60 dan ortiq mamlakatni davlat qarzini boshqarish, shaffoflik va samarali boshqaruvni ta’minlash borasida qo‘llab-quvvatlab kelyapti.
S.Rahimov, O‘zA