Qarshidagi yuridik texnikumi yangi binoda
Binoning tantanali ochilish marosimida Adliya vaziri Akbar Toshqulov, viloyat hokimi Murodjon Azimov, viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlari, mehnat faxriylari, OAV vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
750 o‘ringa mo‘ljallangan bino Adliya vazirligi tomonidan 24 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga zamonaviy talablar asosida to‘liq kapital rekonstruksiya qilindi.
Xususan, texnikumning 2 ta o‘quv, ma’muriy, oshxona, kutubxona va yordamchi binolari bir qator o‘zgarishlar bilan to‘liq yangilandi. Zamon talablariga mos holda qurilgan texnikum binosida axborot resurs markazi, 5 ta katta ma’ruza, 2 ta konferensiyalar zali, 2 ta talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi, yuridik klinika tashkil etildi.
O‘quv xonalaridagi sinflarga yangi mebel jihozlari, elektron doskalar, konditsioner hamda kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Yangi kompyuterlar bilan jihozlangan axborot kommunikatsiya texnologiyalari o‘quv xonalari tashkil etildi. Internetga ulanish tarmoqlari yangilandi, server qurilmalari o‘rnatildi.
[gallery-20935]
Muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari, isitish tizimi, elektr energiya va suv ta’minoti tizimi to‘liq yangilandi.
Bugungi kunda yuridik texnikumda 335 nafar o‘quvchi uchta yo‘nalishda kunduzgi va sirtqi ta’lim shaklida tahsil olmoqda.
Texnikum kafedralarining Toshkent davlat yuridik universiteti kafedralari bilan o‘zaro yaqin hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Ta’lim sifatini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar doirasida universitet kafedralari professor o‘qituvchilari tomonidan texnikum pedagog kadrlari uchun metodik seminarlar, o‘quv guruhlarida oflayn va onlayn tarzda mahorat darslari, seminar va vebinarlar o‘tkazilib kelinmoqda.
Texnikumda bitiruvchilar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish tadbirlari doirasida bandlik organlari va sohaviy tashkilotlar hamkorligida “Ochiq eshiklar kuni”, mehnat yarmarkalari hamda “Kar’era kuni” tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.
O‘tgan o‘quv yilida 175 nafar texnikum bitiruvchisining 58 nafari oliy ta’lim muassasalariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilindi. Qolgan bitiruvchilar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha turli tashkilotlarda mehnat faoliyatini olib bormoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari