Qarshidagi Temiryo‘lchi yoshlar markazi devori qulab tushdi
Kuni kecha tinimsiz yomg‘ir yog‘ishi natijasida Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahridagi avtoturargohlardan biri tomining avtomobillar ustiga qulagani haqidagi video xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Dastlabki xabarlarda mazkur avtoturargoh Qarshi shahridagi Temiryo‘lchi yoshlar markazi binosining ort tomonida bo‘lgani ma’lum qilinarkan, holatni o‘rganish maqsadida manzilda bo‘ldik.
Voqea joyiga yetib borganimizda devor ostida qolgan mashinalar allaqachon chiqarib olib ketilgan, xodimlar turargohning zarar ko‘rgan qismida tozalash ishlarini olib borayotgan ekan.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, mazkur avtoturargoh qurilganiga ko‘p bo‘lmagan. Avtoturargoh markaz binosi devoriga yaqin o‘rnashtirilgan. Ammo Temiryo‘lchi yoshlar markazi binosining qurilganiga bir asrdan oshgani hisobga olinmagan. Yillar davomida markaz devorini mustahkamlash uchun ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari olib borilmagan. Yog‘ingarchilikning kuchayishi ortidan devor muvozanati buzilib, avturargoh tom qismiga qulagan. Qulagan devor yukini ko‘tara olmagan avtoturargoh tomi ostidagi mashinalarni bosib qolgan. Natijada mashinalarga jiddiy zarar yetgan.
[gallery-16378]
Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil 12-mart kuni soat 14:39 larda viloyat FVBning qisqa raqamiga Qarshi shahar “Naqshab” MFY, I.Karimov ko‘chasida joylashgan, 1919-yilda qurilgan Temiryo‘lchi yoshlar markazining devori yog‘ingarchilik oqibatida qulaganligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan. Voqea joyiga tegishli bo‘linma yetib kelgan. Aniqlanishicha, Temir yo‘lchi yoshlar markazi binosining orqa tomonidagi foydalanilmaydigan 2 ta xonasining xomg‘ishtdan qilingan 60 kvadrat metr hajmdagi devori unga yondosh qurilgan avtoturargohga qulab tushgan va avtoturargohda turgan 4 ta yengil avtomobilni bosib qolgan.
Yaxshiyamki, devor qulagan paytda mashinalar shunchaki qoldirib ketilgan va ularning ichida fuqarolar bo‘lmagan. Shu bois devor qulashidan hech kimga zarar yetmagan. Avtoturargohning qurilish me’yorlariga javob berishi yoki qonuniy- noqonuniyligi bilan bog‘liq savollarimizga temir yo‘l mas’ullaridan tayinli javob ololmadik.
Hozir holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri