Qarshidagi «Bolalar akademiyasi»da zamonaviy ta’lim muhiti shakllantirilmoqda
FOTOREPORTAJ
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan «Bolalar akademiyasi»da o‘quvchilarning zamonaviy bilim olishi, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishi hamda ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga qaratilgan ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yilgan.
2023-yilda pedagoglar Javlon Lutfullayev va Asal Ziyodova tashabbusi bilan asos solingan ta’lim muassasasida maktabgacha tayyorlov, boshlang‘ich va umumiy o‘rta ta’lim bosqichlari uzviylik tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa bolalarning yagona ta’lim muhitida izchil bilim olishiga xizmat qilmoqda.
[gallery-30496]
Akademiyada har bir sinfda 20 nafargacha o‘quvchi ta’lim oladi. Dars jarayonida asosiy o‘qituvchi bilan bir qatorda assistent pedagog ham faoliyat yuritib, o‘quvchilarga individual yondashuvni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Muassasada ingliz, rus, yapon, xitoy va koreys tillari zamonaviy o‘qitish metodikalari asosida o‘rgatiladi. Shu bilan birga, o‘quvchilarning tanqidiy fikrlashi, ijodiy yondashuvi, liderlik qobiliyati va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar ham tashkil etiladi.
Ta’lim muassasasida bilim berish bilan birga, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, mas’uliyat, intizom, sog‘lom turmush tarzi va muomala madaniyatini shakllantirishga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Muassasa faoliyatida erishilayotgan natijalar zamonaviy ta’lim muhitini yaratish, malakali pedagoglar salohiyatidan samarali foydalanish hamda ta’lim sifatiga qaratilgan tizimli yondashuvning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.
Jamshid NORQOBILOV(surat),O‘zA