Qarshida zamonaviy laboratoriya ish boshladi
Qarshi shahridagi “Murod med star” xususiy korxonasida zamonaviy PZR (polimeraza zanjir reaksiyasi) tashxis qoʻyish laboratoriyasi ish boshladi.
Qarshi shahridagi “Murod med star” xususiy korxonasida zamonaviy PZR (polimeraza zanjir reaksiyasi) tashxis qoʻyish laboratoriyasi ish boshladi.
Yosh tadbirkor Nodirbek Nazarovning ushbu loyihasi “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasining Qarshi shahar boʻlimi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, laboratoriya faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 450 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.
– Polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) – bu turli infeksiyalarni aniqlashda yuqori sezgirlikka ega tekshirish usuli hisoblanadi, - deydi klinika shifokor-laboranti Shavkat Jamoliddinov. – Tekshirish uchun olingan namunadagi genetik material (DNK va RNK)ga asoslanib, yuqumli kasalliklar qoʻzgʻatuvchisi aniqlanadi. PZR odam organizmida boʻlgan infeksiya turini aniqlabgina qolmasdan, mikroblar miqdorini ham koʻrsatish imkoniyatiga ega. Odatiy usulda tekshirilganda, natija 7 kundan 14 kungacha aniqlansa, PZR diagnostikasida qoʻzgʻatuvchi 6-7 soat davomida aniqlanadi. Hozir bir haftada 40-50 mijozga xizmat koʻrsatilib, gripp, gepatitning V va S turlari, TORCH infeksiyalari, qizamiq, qizilcha va boshqa infeksiya turlari oʻz vaqtida aniqlanmoqda.
Laboratoriya faoliyat boshlashi bilan 10 ta yangi ish oʻrni yaratildi.




