Qarshida Xalqlar do‘stligi kuniga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi
30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat g‘oyalarini keng targ‘ib etishga qaratilgan qator ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy tadbirlar tashkil etildi.
Bayram dasturi doirasida viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlar vakillari uchun Qarshi shahridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga ma’rifiy sayohat uyushtirildi. Ishtirokchilar muzey ekspozitsiyalari, tarixiy hujjatlar va ashyolar bilan tanishib, ularning milliy tariximiz va mustaqillik qadriyatlarini anglashdagi ahamiyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, Qarshi shahridagi “Do‘stlik uyi”da “O‘zbekiston – yagona Vatan” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbir o‘tkazildi.

Unda mas’ul tashkilotlar vakillari, turli millat va elatlar vakillari, milliy-madaniy markazlar faollari, yoshlar hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir doirasida milliy-madaniy markazlar tomonidan xalqlarning milliy taomlari, an’anaviy liboslari va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazma ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Badiiy qismda esa ijodiy jamoalar tomonidan Vatan, tinchlik, do‘stlik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar hamda milliy raqslar ijro etildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bayram tadbirlari turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini asrash hamda umumiy Vatan tuyg‘usini yuksaltirishga xizmat qildi.

Bugungi kunda viloyatda tojik, turkman, rus, tatar, boshqird, arab, qozoq va koreys kabi 30 dan ortiq turli millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Millatlararo totuvlikni ta’minlash va urf-odatlarni saqlab qolish maqsadida viloyatda 6 ta milliy madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri