Qarshida Sudya va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi
Qarshi davlat universitetida yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, ayniqsa xotin-qizlar huquqini himoya qilish masalasiga bag‘ishlangan “Sudya va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni viloyat sudi raisi o‘rinbosari Kamol Nomozov ochib, mamlakatda yoshlar va xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyat, ta’lim olish, kasb egallash va bandlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlarga to‘xtaldi.

Shuningdek, so‘zga chiqqan sudyalar S. Aqanov va O.Suyunov ayollar va bolalar huquqini himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar mazmunini tushuntirdi. Erta nikohning salbiy oqibati, oilaviy munosabatda nikoh shartnomasining ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Uchrashuv yakunida tarbiyaviy ahamiyatga ega “Farzand – omonat” va ”Ota” hujjatli filmlari namoyish etildi.
D.Hakimov, O‘zA