Qarshida “Qarshi Open V” xalqaro shaxmat turniri yakunlandi
FOTOREPORTAJ
Qarshi davlat universiteti Yoshlar markazida shaxmat bo‘yicha nufuzli “Qarshi Open V” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, viloyat Sport boshqarmasi hamda Ismat Shukurov jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.
Turnirda Niderlandiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Isroil kabi 11 davlatdan 300 nafarga yaqin shaxmatchi ishtirok etdi. Musobaqada grossmeysterlar, jahon va Osiyo chempionlari, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi shaxmatchilari o‘zaro bahs olib bordi.
[gallery-29642]
Shveysarcha tizim asosida 9 turda o‘tkazilgan bellashuvlarda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar qatnashdi. Bu esa musobaqaga o‘ziga xos bayramona muhit bag‘ishladi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, asosiy reyting bahslarida Vitaliy Bernadskiy birinchi, Saidakbar Saydaliyev ikkinchi va Saparmurat Atabayev uchinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, milliy reyting bahslarida Nurulla Uralov g‘olib bo‘ldi. Behruz Qudratov ikkinchi, Feruz Sindarov esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Taqdirlash marosimida Qarshi shahar hokimi Normo‘min Xolboyev ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlarni muborakbod etdi. Turnir doirasida 33 nafar ishtirokchiga jami 321 million so‘mlik pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, “Qarshi Open V” xalqaro turniri Qashqadaryoda shaxmat sportini ommalashtirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro sport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jamshid NORQOBILOV(surat),O‘zA