Qarshida “Charm to‘p” musobaqasi
Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida futbol bo‘yicha “Charm to‘p” musobaqasining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida futbol bo‘yicha “Charm to‘p” musobaqasining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan musobaqada Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari jamoalari to‘p surdi.
5-6-sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi bahslarda qashqadaryolik sportchilar navoiylik yoshlarni, surxondaryoliklar esa samarqandlik tengdoshlarini ishonchli mag‘lub etib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bahsda Surxondaryo viloyati jamoasi mezbonlar ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
7-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tgan uchrashuvlarda ham finalga Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari jamoalari chiqdi. G‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Bu gal mezbon jamoa g‘alaba qozonib, musobaqaning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Qashqadaryo va Samarqand viloyati jamoalari ro‘baro‘ kelgan 9-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi final ham penaltilar seriyasiga qadar yetib bordi. Ushbu bahsda samarqandlik yoshlar shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy egalladi.