Qashqadaryo viloyatining markazi bo‘lmish qadim Qarshi shahri so‘nggi yillarda tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Bu o‘zgarishlar – keng qamrovli bunyodkorlik, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va zamonaviy landshaft dizayni ishlari natijasidir.
Gullarga burkangan xiyobonlar, yashil maydonchalar va dekorativ butalar Qarshi havosiga bahor nafasi bag‘ishlagan go‘yo. Har bir hududdagi landshaft dizayni ishlari shaharga zamonaviylik va uyg‘unlik baxsh etgan. Endilikda, markaziy ko‘chalar nafaqat transport qatnovi, balki piyodalar sayri uchun ham qulay va chiroyli maskanga aylangan.
[gallery-24792]
So‘nggi davrda qurilgan yangi turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar, yo‘l va ko‘priklar Qarshining infratuzilmasini bir necha pog‘ona yuqoriga olib chiqdi. Yangilangan piyodalar yo‘laklari, zamonaviy xizmat ko‘rsatish maskanlari hamda qulay dam olish hududlari aholining kundalik hayotini yanada yengillashtirmoqda.
Qarshining kechki qiyofasi bugun tom ma’noda ko‘zni qamashtiradi. Illyuminatsiyalar va zamonaviy ko‘cha yoritish tizimlari shaharni rang-barang chiroqlar bilan yoritib, unga o‘zgacha joziba bag‘ishlagan. Yorug‘likka burkangan xiyobonlar va markaziy maydonlar sayr qiluvchilar uchun kechki manzarani bayramona ruhda taqdim etmoqda.
Qarshi shahridagi bu ulkan o‘zgarishlar faqat tashqi ko‘rinishni emas, balki aholining dam olishi, sog‘lom turmushi va ijtimoiy hayotini ham sezilarli darajada yaxshilagan. Yashil hududlar, zamonaviy infratuzilma va yorqin kechki manzaralar uyg‘unligi shaharga yangi hayot, yangi nafas bag‘ishlamoqda.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA