Qarshi shahrida «Aqlli shahar» vaziyatlar markazi ish boshladi
Qarshi shahrini boshqarishda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida shahar hokimligida yangi shakldagi “Aqlli shahar” vaziyatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Markazning ishga tushirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan taqdimotda Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov, shahar va tuman hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Qarshi shahar hokimligi matbuot xizmatining rasmiy telegram kanalida ma’lum qilinishicha, tadbirda “Aqlli shahar” platformasining imkoniyatlari, uni hududni boshqarishda qo‘llash samaradorligi haqida ma’lumot berildi.

Yangi vaziyatlar markazining muhim jihati – 50 ga yaqin vazirlik va idoralarning axborot tizimlari hamda raqamli servislari yagona platformaga integratsiya qilinganidir. Bu shahardagi turli jarayonlarni bir vaqtning o‘zida kuzatish, mavjud ma’lumotlarni tahlil qilish va aniq vaziyatdan kelib chiqib tezkor boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini beradi.
Bugun shaharni samarali boshqarish faqat mavjud muammolarni bartaraf etish bilan cheklanib qolmay, ularni oldindan ko‘ra bilish va zarur choralarni o‘z vaqtida belgilashni ham talab etadi. «Aqlli shahar» vaziyatlar markazi ana shu yondashuvni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.

Jumladan, shahardagi jarayonlar haqida turli manbalardan kelib tushayotgan ma’lumotlarni bir joyda jamlash orqali vaziyatni yaxlit baholash, muammoli nuqtalarni aniqlash va mas’ul tashkilotlarning harakatlarini muvofiqlashtirish imkoniyati yaratiladi.
Muhimi, raqamli ma’lumotlardan foydalanish boshqaruv qarorlarining tezkorligi bilan birga, ularning asoslanganligini ham oshiradi. Bu esa shahar infratuzilmasi, kommunal xizmatlar, jamoat xavfsizligi va boshqa sohalarda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga zamin yaratadi.
«Aqlli shahar» vaziyatlar markazining ishga tushirilishi Qarshi shahrini zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish, muammolarni barvaqt aniqlash va ularga tezkor munosabat bildirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri