Qarshi davlat universitetida jurnalist va blogerlar uchun press-tur o‘tkazildi
Qarshi davlat universitetida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari oliygohda keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim va ilm-fan sohasidagi yangiliklar, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishdi.
[gallery-29992]
Ma’lum qilinishicha, 1992-yilda tashkil etilgan universitet bugungi kunda mamlakatning yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Hozirda oliygohda 12 ta fakultet va 44 ta kafedra faoliyat yuritib, 14 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularga 641 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Universitet ilmiy salohiyati keyingi besh yilda 27 foizdan 55 foizga yetgan.
Press-tur davomida ishtirokchilar Xorijiy tillar fakultetining zamonaviy o‘quv binosi, undagi fransuz, ingliz, nemis, rus va xitoy tillari markazlari, Erasmus+ dasturlari ofisi, media studiya hamda sinxron tarjima auditoriyasi faoliyati bilan tanishdi.
Shuningdek, universitet hududida tashkil etilgan “Muqobil energiya manbalaridan foydalanish” laboratoriyasi va geliopoligon imkoniyatlari namoyish etildi. Qayd etilganidek, oliygoh binolariga umumiy quvvati 1545 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj muqobil manbalar hisobiga ta’minlanmoqda.
Tadbir qatnashchilari talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi, Yoshlar markazi, Turizm amaliyot markazi, Tibbiyot fakulteti o‘quv binosi hamda yer osti sizot suvlarini tozalash asosida sutkasiga 300 kub metr ichimlik suvi ishlab chiqarish quvvatiga ega inshoot faoliyati bilan ham tanishdi.
Press-tur doirasida universitet qoshida tashkil etilgan “Lochin” futbol klubi uchun rekonstruksiya qilingan stadion majmuasi namoyish qilindi. Majmua bugungi kunda O‘zbekiston Professional futbol ligasi talablariga mos infratuzilmaga ega.
Jurnalistlar va blogerlar joriy yilning 1-iyun kuni foydalanishga topshirilgan 240 o‘rinli “UniKids” maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bo‘lib, u yerda bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, universitet bugungi kunda dunyoning 39 davlatidan 85 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Keyingi yillarda oliygoh xalqaro reytinglarda ham munosib natijalarga erishib, QS Asia reytingidan o‘rin olgan hamda UI GreenMetric xalqaro reytingida dunyoning eng yaxshi 500 universiteti qatoriga kirgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga universitet mutasaddilaridan javob oldi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari