Qaror va ijro: tadbirkorlar murojaati nazoratda
Toshkent viloyatida tadbirkorlar murojaatlari va takliflarini o‘rganish, muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan maxsus shtab faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Shu kungacha shtabda 125 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, “Prezidentga takliflar” doirasida barcha tuman-shaharlarda navbat bilan sayyor qabullar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Olmaliq, Ohangaron, Yangiyo‘l, Bekobod shaharlari, Zangiota tumanida o‘tkazilgan muloqotlarda bildirilgan 500 dan ortiq murojaatlarning 95 foizi ijobiy hal etildi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, eng ko‘p murojaat tadbirkorlar faoliyatini rivojlantirish uchun kredit olish, qurilish, mahsulot eksporti, elektr ta’minoti, kommunal xizmatlar masalalari yuzasidan bo‘lgan.

Chirchiqlik hunarmand Marhabo Amanullayeva faoliyatini kengaytirishni anchadan buyon maqsad qilgan edi. Buning uchun yer olish borasida mas’ullarga murojaat qildi. Hunarmandning faoliyati o‘rganilib, uning murojaati ijobiy hal etildi. Shuningdek, Yangiyo‘l shahrida yosh tadbirkorlardan Sitoraxon Abdurasulova ta’lim yo‘nalishida ixtisoslashgan nodavlat xususiy ta’lim klasterini ochdi. Ammo, shu kungacha faoliyatini qonuniy boshlash uchun litsenziya olish bo‘yicha bir qator muammolarga duch keldi. Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida xususiy ta’lim sohasidagi mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni shakllantirish maqsadida tashkil etilgan davra suhbatida uning murojaati ham hal qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, ayrim tadbirkorlarda faoliyat olib borish uchun yetarli huquqiy bilim yetarli emas. Shu sababli ular bilan uchrashuvlarda amaldagi qonun talablari tushuntirilmoqda.
A.Musayev,
O‘zA.