Qaror va ijro: Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi
Mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini texnologik jihatdan rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tarmoq korxonalarining raqobatbardoshligini mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-sentabrdagi “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur hujjatda tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni rag‘batlantirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilangan.
Qaror ijrosini ta’minlash doirasida “O‘zeltexsanoat” uyushmasida ham amaliy ishlar boshlangan. Bu haqda uyushma axborot xizmati mas’ul xodimi Sirojiddin Bo‘riyev ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Ta’kidlanganidek, qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida “O‘zeltexsanoat” uyushmasida maxsus Ishchi guruh tashkil etilgan. Har bir vazifa va mexanizm bo‘yicha alohida nazorat rejasi ishlab chiqilib, mas’ullar hamda ijro muddatlari belgilab olingan. Qaror ijrosining borishi muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Shu bilan birga, tarmoq korxonalari bilan manzilli ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Korxonalarning aylanma mablag‘, xomashyo ta’minoti, investitsiya jalb qilish va mahalliylashtirish bilan bog‘liq ehtiyojlari o‘rganilib, ularning qarorda nazarda tutilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishiga amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Qarorning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga keng tushuntirish maqsadida axborot-tushuntirish ishlari ham kuchaytirildi. Hududlar va tarmoq korxonalari ishtirokida o‘quv seminarlari, ochiq muloqotlar va amaliy uchrashuvlar tashkil etilib, qarorda nazarda tutilgan moliyaviy mexanizmlar, imtiyoz va subsidiyalardan foydalanish tartibi tushuntirilmoqda.
Bundan tashqari, banklar, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda korxonalarning investitsiya loyihalari va moliyaviy ehtiyojlarini shakllantirish, imtiyozli kreditlardan foydalanish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni aniqlash, mahalliylashtirish uchun taklif etiladigan mahsulot va butlovchi qismlarni belgilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Mas’ul xodim Sirojiddin Bo‘riyevning ta’kidlashicha, qarorda belgilangan imkoniyatlarning samarasi ularning korxonalar va tadbirkorlar faoliyatiga amalda tatbiq etilishi bilan namoyon bo‘ladi.
– Bizning asosiy vazifamiz qarorda belgilangan imkoniyat va mexanizmlarni har bir korxona hamda tadbirkorga yetkazish, ulardan foydalanishda amaliy ko‘mak berish va natijada bu imkoniyatlarni real ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga aylantirishdir. Buning uchun korxonalar bilan manzilli ishlash, ularning ehtiyojlarini o‘rganish va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratyapmiz, – dedi S.Bo‘riyev.
Brifingda qayd etilganidek, qaror ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar elektrotexnika sanoatida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, investitsiya faolligini rag‘batlantirish va tarmoq korxonalarining eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA