Qaror va ijro: Bo‘stonliqda turizm rivojlanmoqda
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani o‘zining tabiati, so‘lim go‘shalari bilan dam oluvchilarni o‘ziga jalb etadi. Shu sababdan sayyohlar oqimi yil sayin ortmoqda. Hududning turistik salohiyatini yanada rivojlantirish, undan foydalanish samaradorligini oshirish, hududga mahalliy shu bilan birga xorijiy turistlarni jalb etish, qulay sharoitlar yaratish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish maqsadida tizimli ishlar bajarilmoqda. Bugungi kunda tog‘li hududlarda dam olish maskanlari, mehmonxona va transport xizmatlarini kengaytirish va sifatini yaxshilash borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 noyabrdagi “Bo‘stonliq tumanida yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish va ularning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash, hududda foydalanilmayotgan ob’ektlar hamda yer uchastkalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida muntazam ravishda “E-AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasi orqali sotuvga qo‘yilmoqda. Joriy yilning aprel oyida elektron platforma orqali “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasida mehmonxona, dam olish maskani va piknik zona barpo etish shartlari bilan yer uchastkalari uzoq muddatli ijara huquqi asosida savdoga qo‘yildi va tadbirkorlar tomonidan uchta lot elektron savdolarida xarid qilindi.
Ulardan biri Bo‘stonliq tumanidagi “Novobod” MFY hududida joylashgan yer maydonlari uchun o‘tkazilgan navbatdagi auksion savdolarida bir necha talabgor orasidan eng maqbul takliflarni taqdim etgan “OSTEX JIZZAKH” MCHJ qo‘shma korxonasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Auksion g‘olibi xarid qilingan 4,8 gektar yer maydonida 1,2 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan holda jahon standartlariga javob beradigan 100 o‘rinli zamonaviy mehmonxona qurish va 30 ish o‘rni yaratish majburiyatini oldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hududdagi yer uchastkalarining ijara huquqini auksion orqali sotishdan kelib tushgan pul mablag‘larining asosiy qismi “Chorvoq” TRZ infratuzilmasini takomillashtirish, xususan, elektroenergiya, gaz hamda suv ta’minoti, kanalizatsiya, kirish yo‘llari hamda ko‘priklarni ta’mirlash va rivojlantirish ishlariga yo‘naltiriladi.
A.Musayev,
O‘zA.