Mamlakatimizda yog‘-moy tarmog‘ini rivojlantirish, aholi ehtiyojini to‘la qondirish maqsadida ishlab chiqarish hajmini oshirish va tayyor mahsulot assortimentini ko‘paytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Respublika yog‘-moy sanoati sohasida bugungi kunda 250 dan ortiq standartlar qo‘llanilmoqda. Shundan 80 tasi tayyor mahsulotlar uchun me’yoriy hujjatlar, 35 tasi xalqaro standartlar va 135 tasi namuna olish va sinov usullariga oid hujjatlardir. Ushbu standartlar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ichki iste’mol bozoriga sifati yuqori mahsulotlar yetkazib berilishini ta’minlaydi.
bugungi kunda mamlakatimizda 200 dan ortiq yirik va kichik yog‘-moy korxonalari mavjud. Ular tomonidan 60 turdagi va 200 dan ortiq assortimentdagi yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Yog‘-moy korxonalarining asosiy xomashyosi paxta chigiti hisoblanib, yiliga o‘rtacha 1,2 million tonna texnik paxta chigiti qayta ishlanadi hamda 200 ming tonna atrofida paxta yog‘i ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, yiliga mahalliy sharoitda moyli xomashyo yetishtirish hamda soya va kungaboqar donlarini import qilish hisobiga 90-95 ming tonna atrofida o‘simlik yog‘i ishlab chiqarilib, aholi iste’moli uchun yetkazib berilmoqda.
Ishlab chiqarilayotgan yog‘-moy mahsulotlari hajmi yildan-yilga oshib borishiga qaramasdan aholi soni va sanoat ehtiyojlari oshishi natijasida o‘simlik moylariga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Joriy yilning oktyabr oyida “O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalar tomonidan 2,8 million dollarlik sanoat mahsulotlari eksport qilindi. Natijada 2021 yilning yanvar-oktyabr oylarida eksportga yo‘naltirilgan yog‘-moy mahsulotlarining umumiy qiymati qariyb 17 million dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan 10 oy uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichining 105,4 foizga bajarilganligini ko‘rsatadi.
Uyushma tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu davrda yog‘-moy mahsulotlari asosan Tojikiston (11,3 million dollar), Turkmaniston (2,8 million dollar), Qozog‘iston 1,4 million dollar), Afg‘oniston (892 ming dollar) Qirg‘iz Respublikasi (406,8 ming dollar)ga eksport qilingan. Bundan tashqari, Rossiya, Gruziya, Turkiya, Mongoliya, Ozarbayjon, Koreya va AQSH davlatlariga ham yog‘-moy mahsulotlari eksport qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA