Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021 yil 10 fevralda qabul qilingan qonunga asosan O‘zbekistonda 30 iyul Xalqlar do‘stligi kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Bu bayramning ta’sis etilishi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olindi.
Mazkur sanani munosib nishonlash maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan qator tashkilotlar hamkorlikda 30 iyul – 7 avgust kunlari Do‘stlik festivali o‘tkazilmoqda.
Festival doirasida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida “Qardoshlik mushoirasi” nomli ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi foyesida turli qardosh tillarda chop etilgan kitoblar, qo‘llanma va risolalardan iborat ko‘rgazma tashkil qilindi.
[gallery-18543]
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlar mualliflarining dunyo adabiyotiga qo‘shgan hissasi haqida atroflicha ma’lumotlar berdi. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov yurtimizda o‘tkazilayotgan Do‘stlik festivali va uning doirasida tashkil etilayotgan tadbirlar millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga katta xissa qo‘shishini ta’kidladi. Qo‘mita raisi mamlakatimizda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashayotgani davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvar siyosat ifodasi ekanini alohida e’tirof etdi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zbek mutafakkir shoiri Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. So‘ng Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va Yozuvchilar uyushmasi vakillari ishtirokida qozoq yozuvchisi Abay Qo‘nonboyev, turkman shoiri Maxtumquli, qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov, rus shoiri Aleksandr Pushkin, ukrain shoiri Taras Shevchenko, belarus shoiri Yakub Kolas, ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy, gruzin yozuvchi-shoiri Shota Rustaveli haykallari poyiga milliy madaniy markazlar faollari ishtirokida gullar qo‘yildi.
Joylarda qardosh xalqlar tillarida she’rlar o‘qildi.
Gul qo‘yish marosimida qatnashgan qardosh mamlakatlarning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchilari yurtimizda keng nishonlanayotgan Do‘stlik festivaliga yuqori baho berdi.
N.Usmonova,
A.Mamadaminov(surat),O‘zA