2022 yil 1 iyul kuni Nukusda bo‘lib o‘tgan voqealar hech kimni befarq qoldirmadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida ayrim fitnachi kimsalar tomonidan uyushtirilgan noqonuniy namoyishlar nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki O‘zbekistonda ham tinchlikni izdan chiqarishga qaratilgani, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasida azaliy do‘stlikka sovuqchilik tushirishga urinish ekanligi oldindan ayon edi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda asossiz, mantiqsiz, yengil-yelpi feyk ma’lumotlardan ko‘rib turibmiz.
Uzoq asrlar mobaynida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari haqiqiy og‘a-inichilik fazilatlariga asoslanib, o‘zaro munosabatlarini shakllantirib kelgan. Bu ikki qavm ma’naviy-ruhiy yaqinligini belgilaydigan asosiy omil va madaniyatlar mushtarakligi, ularning o‘zaro yaqinligi edi. Darhaqiqat, tillar yaqinligi dillar yaqinligiga olib keldi. Madaniyatlar bir-birini boyitdi. Qadimiy madaniyat namunalari, umummilliy qadriyatlar, jondoshu-qondosh bo‘lgan har ikki millat uchun tarixiy ahamiyatga ega an’analar shakllandi. Shu asosda iqtisodiy hamkorlik, yagona iqtisodiy makon, yagona maqsad vujudga keldi.
Keyingi 5-6 yil ichida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar juda katta: ko‘p yangi korxonalar, obod shaharlar, qishloqlar, mahallalar bunyod bo‘ldi, Orol dengizining qurib qolgan qismi o‘zlashtirilmoqda, Yangi Mo‘ynoq yaratildi, Nukus shahri obodonlashtirilmoqda, qoraqalpoq tili, madaniyati, san’ati, ta’lim tizimi, fani rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Hozirda ham yelkani-yelkaga quyib, 2022-2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash nazarda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etish yo‘lidagi islohotlarni xalq bilan bamaslahat va birgalikda amalga oshirish muhimdir.
Xulosa qilar ekanmiz, Nukusdagi voqealar tashqi kuchlarning mafkuraviy ta’siri ekanligi hamda unga qarshi faqat teran aql, og‘ir-vazminlik, sof tafakkur va mustaqil tahliliy fikr yuritgan holda tinchlikni saqlab qolish zarur. Tinchlik eng oliy ne’matdir. Tinchlik hukm surgan yurtda rivojlanish va inson qadri ulug‘ bo‘ladi. Biz ikki qardosh millatmiz, o‘zligimizga hech bir tashqi kuch rahna solishiga yo‘l quymaslik har birimizning burchimiz hisoblanadi.
Bahrom ABDUHALIMOV,
O‘zbekiston "Adolat" SDP Siyosiy kengashi raisi
O‘zA