Qandli diabet: xalqaro tajriba va yangi yondashuvlar
Mamlakatimizda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, jumladan, qandli diabet bilan kasallangan bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash va uning og‘ir asoratlarining oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlari bilan navbatdagi muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muloqot JSSTning «O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda diabetni davolash sifatini oshirish hamda asoratlarining oldini olish» deb nomlangan xalqaro loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar tomonidan qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarni davolash jarayonlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish masalalari keng muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida tibbiy yordam sifatini oshirish, davolash samaradorligini kuchaytirish va xavfli asoratlarning barvaqt oldini olishda ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llash yuzasidan fikr almashildi. Xususan, bugungi kunda ushbu kasallikka qarshi kurashishda yagona va samarali yondashuvlarni amaliyotga keng tatbiq etish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida belgilab olingan vazifalar kelgusida qandli diabetga chalingan bemorlar uchun ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, ularning hayot sifatini yanada yaxshilash hamda kasallikning oldini olish tizimini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA