Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida fuqarolarga qulaylik yaratishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, sohada yaqinda qator yangiliklar joriy etildi.
– Joriy yil 20 oktyabrda “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi, – dedi Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva. – Qaror bilan sohaga oid ikkita nizom tasdiqlandi.
Bular – Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari to‘g‘risidagi, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari xodimlarining sonini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizomlardir.
Shu bilan birga , Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari, Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti, O‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Yangi gerbli guvohnomalar berganlik uchun gerb yig‘imi BHMning 15 foizi miqdorida undiriladi. O‘lim haqidagi gerbli guvohnomalar hamda yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiya muassasalariga joylashtirishda berilgan tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomalar bundan mustasno.
Shuningdek, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining arxiv ma’lumotlarini raqamlashtirish natijasida turli yillar davomida bir xil seriya va raqamli tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berilgani holatlari aniqlangan taqdirda, ushbu guvohnomalarni qayta rasmiylashtirganlik uchun gerb yig‘imi undirilmasligi belgilandi.
FHDYO organlari tegishli yozuvlar orqali quyidagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini qayd etadi: tug‘ilganlik haqida, nikoh tuzish haqida, nikohdan ajralish haqida, o‘lim haqida.
Fuqarolik holati dalolatnomasi yozuvlari davlat ahamiyatiga molik hujjatlar hisoblanadi. Shu bois bir nusxada tuziladi va FHDYO organlarida qayd etilgan vaqtdan boshlab 75 yil mobaynida saqlanadi.
Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish, jinsni o‘zgartirish kabi voqea va faktlar yuqorida sanab o‘tilgan fuqarolik holatlari dalolatnomalarida ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali aks ettiriladi.
Yana bir yangilik: endilikda, bog‘chaga shakllangan yo‘llanmani olishga davlat xizmatlari markaziga borish shart emas. Chunki Adliya vazirligi, Maktabgacha ta’lim agentligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi birgalikda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida bunday byurokratiyaga chek qo‘yildi.
Shu paytgacha bolani bog‘chaga joylashtirish uchun davlat xizmatlari markaziga navbatga yozilgan kishi yo‘llanmani ham o‘sha yerdan borib olishiga to‘g‘ri kelgan. Endi bog‘chaga navbat kelgan zahoti fuqaroga telefon xabari orqali ariza raqami va maxfiy kod yuboriladi. Ushbu maxfiy kod bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘chaga borib, mudiraga kodni aytish yetarli bo‘ladi.
Yo‘llanmani tasdiqlovchi maxfiy kod mudiraga aytilmaguncha u yo‘llanmani ko‘ra olmaydi. Bu bilan korrupsiyaning oldi olinadi.
Hukumat qarori bilan “Professional mediatorlar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi. Unga ko‘ra, maxsus o‘quv kursidan o‘tganligi haqida sertifikatga ega bo‘lgan va Reyestrga kirish istagini bildirgan jismoniy shaxs (talabgor) doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi. Yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YAIDXP (my.gov.uz)dan ruyxatdan o‘tadi.
Zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng talabgor ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi hamda imzolaydi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmaydi.
Professional mediator reyestrdan hududiy adliya organining qarori asosida chiqariladi. Mazkur reglament 2024 yil 1 yanvardan amalga kiritiladi.
N.Abduraimova, O‘zA