Qanday masalalar tadbirkorlarni qiynamoqda?
Biznes-Ombudsmanning Toshkent viloyati xodimlari tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan birga ularning murojaatlarini tahlil etmoqda.
Biznes-Ombudsmanning Toshkent viloyati xodimlari tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan birga ularning murojaatlarini tahlil etmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida ulardan o‘ttizga yaqin yer va kredit ajratish masalasidagi murojaatlari qabul qilindi. Shuningdek, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, gaz, elektr, suv va boshqa masalalar ham dolzarbligicha qolmoqda.
– Kredit masalasidagi murojaatlar bilan ishlash jarayonida ko‘p hollarda bank xodimlari tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab uning muammolarini hal qilish o‘rniga berilgan kreditlarni undirish choralarni ko‘rish bilan band bo‘lib qolmoqda, – deydi Bizens-Ombudsman bosh inspektori D.Yunusjonov. – Misol uchun, bankdan olingan chet el valyutasi hisobidan, Xitoydan xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqaruvchi uskunalar olib kirgan tadbirkor fevralda uskunani o‘rnatish va ishga tushirishni rejalashtirgan edi. Lekin, xitoylik mutaxassisni kelishi noma’lum muddatga cho‘zilmoqda. Bank ma’muriyati esa, kredit shartnomasiga ko‘ra kredit foizlari va asosiy qarzlarni grafik asosida to‘lashni talab qilmoqda. Bunday holatlarda muammoga bank-mijoz emas, balki bank-sherik munosabati asosida e’tibor berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Yangiyo‘l tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan “Promeat” korxonasi davlatimiz rahbarining “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida bankdan kafolat xatlari asosida 5 nafar tashabbuskor fuqaroga 2019 yil iyun oyida 149.1 million so‘mlik naslli qoramol yetkazib bergan. Kafolat xatlarida 3 bank ish kunidan 5 bank ish kunigacha bo‘lgan muddatlarda to‘lovlarni o‘tkazib berish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, jamiyat bir necha marotaba yuqori tashkilotlarga murojaat qilgan bo‘lishiga qaramay pul mablag‘lari o‘tkazib berilmagan.
E’tibor bering, korxona faqat asosiy qarzni talab qilmoqda. Agar bankning shuncha mablag‘i jamiyatda asossiz ushlab turilganda bank foiz va ustama jarimalar bilan undirib olish uchun bor imkoniyatlarni ishga solgan bo‘lar edi.
Biznes-Ombudsman devoni xodimlari aralashuvidan so‘ng masala ijobiy hal etildi.
Tadbikorlik subektlarini kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishi borasida ham quyi pog‘onalarda bir tomonlama yendashuv ya’ni o‘zlari faoliyat yuritayotgan sohaning manfaatlarini ko‘zlab ish yuritish holatlari ko‘plab uchramoqda. Xususan, Biznes-Ombudsman devoniga “Mehnat agro” da tushgan murojaatda tuman gaz ta’minoti idorasi unga tegishli bo‘lgan issiqxonani qishki mavsumda gaz tarmog‘idan uzilishi to‘g‘risida talabnoma yuborgani, jamiyat yetishtirgan mahsulotlarini eksportga yo‘naltirishi rejalashtirilganligi, mahsulotni belgilangan muddatda yetkazib berilmasa hamkorlari choralar ko‘rishi, 100 dan ortiq ishchi va xizmatchilarning maoshlarini to‘lashda ham muammolar yuzaga kelishi mumkinligini bildirilgan. Bizning aralashuvdan so‘ng eksport mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar gaz ta’minoti bilan uzluksiz ta’milanishi kafolatlangani to‘g‘risida javob xati olindi.
Bu bir korxona misolida. Bu borada joylarda bo‘lgan uchrashuvlar va og‘zaki murojaatlarga shu javob xati asosida tushuntirish berilib korxonalarning muammolari hal etildi.
– Bizga tadbirkorlarning huquqlari va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuklatilgan bo‘lib, aksariyat xollarda tadbirkorlar yer kredit va boshqa masalalarda bevosita murojaat qilish holatlari ham uchrab turadi, – deydi Bizens-Ombudsman bosh inspektori D.Yunusjonov. – Qaysi holatda kim tomonidan huquqingiz buzildi? deb so‘ralsa “imtiyozli kredit so‘rasam yo‘q deyishdi”, menga yer kerak, lekin “auksionda olasiz” degan mazmunda javob oldim deb murojaat qilinmoqda.
Demak, joylarda bank, kadastr va boshqa idoralarning konsalting xizmatlarini yanada yaxshilash shart. Tadbirkorlarni o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha idorama–idora yurishlarini oldini olib, ularga qulaylik tug‘dirish maqsadida bu xizmatlarni joylarda Davlat xizmatlari markazlarining malakali xodimlari bajarsa ko‘pchilikka ma’qul bo‘lardi.