Shu yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Parlament saylovi birinchi marta aralash saylov tizimi — majoritar va proporsional saylov tizimi asosida bo‘lib o‘tadi. Ya’ni, quyi palata 150 ta deputatining 75 nafari majoritar tizimda, 75 nafari esa proporsional tizim, ya’ni partiya tomonidan taqdim etiladigan ro‘yxat asosida saylanadi. Majoritar tizimda 75 ta deputat 75 ta bir mandatli saylov okrugidan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxati asosida bitta saylov okrugidan saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun yetmish beshta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuzildi. Xo‘sh, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha qaysi hududdan nechta deputat saylanadi?
Qolaversa, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovi bo‘yicha saylov okruglarini tuzishda qaysi mezonlarga ko‘ra ish tutiladi? Qancha aholiga nechta deputatlik o‘rni ko‘zda tutilgan?
Shu kabi savollar bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Bahodirjon Yunusov bilan suhbatlashdik.
Bahodirjon Yunusov qayd etganidek, yetmish beshta bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 4 nafar, Xorazm viloyatidan 4 nafar, Navoiy viloyatidan 3 nafar, Buxoro viloyatidan 4 nafar, Samarqand viloyatidan 8 nafar, Sirdaryo viloyatidan 2 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 7 nafar, Surxondaryo viloyatidan 6 nafar, Namangan viloyatidan 6 nafar, Andijon viloyatidan 7 nafar, Farg‘ona viloyatidan 8 nafar, Toshkent viloyatidan 7 nafar, Jizzax viloyatidan 3 nafar hamda Toshkent shahridan 6 nafar deputat saylanadi.
Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashlariga saylov bo‘yicha ham saylov okruglari tuzildi. Saylov kodeksimizga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ushbu saylov okruglari aholi sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Buning sababi, bir deputatning saylov okrugidagi saylovchilar soni boshqasiga nisbatan kam yoki ko‘p bo‘lib qolmasligi lozim. Shundan kelib chiqib, viloyatlarda aholi soni 2 milliontagacha bo‘lsa, 40 ta, 2 milliondan 3 milliontagacha bo‘lsa, 40 tadan 50 tagacha, 3 milliondan ortiq aholi bo‘lsa, 50 tadan 60 tagacha saylov okruglari tuzilishi belgilangan.
Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari bo‘yicha saylov okruglari tuzish ham aynan shu qoida asosida amalga oshiriladi. Aholi soni 30 mingtagacha bo‘lsa, 15 tagacha, 30 mingdan 100 minggacha bo‘lsa, 15 tadan 20 tagacha, 100 mingdan 300 minggacha bo‘lsa, 20 tadan 25 tagacha, agar 300 mingdan ko‘p aholi bo‘ladigan bo‘lsa, 25 tadan 30 tagacha saylov okruglari tuziladi.
Avvallari 300 mingdan ko‘p, 600 mingga yaqin aholi hududlarida ham 30 ta saylov okrugi tuzilar edi. 100 mingga yetmagan aholi hududlarida ham xuddi shunday 30 ta saylov okrugi tuzilardi. Bunda bir deputatga juda ko‘p saylovchi, boshqa biroviga esa juda kam sonli saylovchi to‘g‘ri kelgan. Vaholanki, har ikkala holatda ham xalq vakillari bir xil maqomga ega bo‘lar, hududning rivoji uchun ularga bir xil mas’uliyat yuklanar edi. Endilikda qonunchiligimizga kiritilgan ushbu yangilik natijasida deputatlar faoliyatida tenglik ta’minlanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KeFJCVMIG_U" title="Qancha aholiga nechta deputatlik oʻrni koʻzda tutilgan?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Asliddin Alijonov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA