Qamoqxonada mahbuslar isyon koʻtardi
19-may kuni Tojikistonning Vahdatdagi koloniyasida yuz bergan isyon munosabati bilan 5 nafar nazoratchi va 40 ga yaqin mahbus jazolanadi.
19-may kuni Tojikistonning Vahdatdagi koloniyasida yuz bergan isyon munosabati bilan 5 nafar nazoratchi va 40 ga yaqin mahbus jazolanadi. Bosh prokuraturasi tartibsizliklar vaqtida xavfsiz joyga yashirinib olgan nazoratchilarga nisbatan jinoiy ish ochdi, deya xabar beradi TR Adliya vazirligidagi manba.
Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, “Islom davlati” (ID) guruhining tarafdorlari boʻlgan mahbuslar qamoqxonada isyon koʻtargan. Ular avvaliga uch nafar nazoratchini garovga olgan va oʻldirgan, shundan keyin 29 nafar mahbusni, jumladan, mamlakatda faoliyati taqiqlangan Tojikiston Islom Uygʻonish partiyasi (TIUP)ning jazoni ijro etish muassasasida muddatni oʻtayotgan aʼzolarini ham shafqatsizlarcha oʻldirishgan.
TR Adliya vazirligidagi manbaning maʼlum qilishicha, Vahdat koloniyasida yuz bergan isyon boʻyicha Bosh prokuratura xodimlari tomonidan olib borilayotgan tergov hozircha yakunlanmagan.
“Bosh prokuratura isyon vaqtida xavfsiz joyga yashirinib olgan 5 nafar nazoratchiga nisbatan jinoiy ish ochdi. Shuningdek, tartibsizliklarda ishtirok etgan 40ga yaqin mahbusga ham yana muddat qoʻshib beriladi. Hozir ular tergovchilar tomonidan soʻroq qilinmoqda”, deydi manba.
Uning taʼkidlashicha, koloniya boshligʻi Mahmad Abdulloyev javobgarlikka tortilmaydi.
“Qamoqxona boshligʻi tartibsizliklar kelib chiqmasligi uchun qoʻlidan kelgan ishni qildi”, deydi Adliya vazirligi xodimi.
Tartibsizliklar Dushanbedan 15 kilometr janubiy-sharqda boʻlgan Vahdat qamoqxonasida yuz berdi. Tojikiston Adliya vazirligining taʼkidlashicha, isyonga Behruz Gulmurod – respublika OMONning sobiq qoʻmondoni, 2015-yilda Suriyaga qochib ketgan va ID saflariga qoʻshilgan polkovnik Gulmuroda Halimovning oʻgʻli rahbarlik qilgan (harbiyning oʻgʻli 2017-yilning may oyida hibsga olingan edi).
Koloniyada yuz bergan isyonning asosiy tashkilotchilari sifatida rasmiylar “faoliyati taqiqlangan terror va ekstremist guruhlarning, jumladan “Islom Davlati“ning aʼzolari”ni ayblashdi.
Hodisa shunday rivojlangan. Pichoq va oʻtkir buyumlar bilan qurollangan isyonkorlar koloniyaning uch nafar nazoratchisi – mayor Burhoniddin Murodov, mayor Abdujabbor Halimova va katta leytenant Mahmud Asoyevni avvaliga garovga oldi va keyinchalik oʻldirishdi.
Soʻng jarima izolyatoridan 8 nafar oʻta xavfli jinoyatchini, jumladan “ID”ga aloqasi boʻlganlarni ozod qilishdi. Shundan keyin oʻzlariga qoʻshilmaganlarni qoʻrqitish va maqsadlarini amalga oshirish yoʻlidan qaytmasliklarini koʻrsatib qoʻyish uchun ular boshqa mahbuslar oldida besh nafar mahbusni soʻyib tashlashdi.
Ular orasida Said Qiyomiddin Gʻozi, Sattor Karimov (Maxsumi Sattor) va Saidmahdixon Sattorov (Sheyx Temur) bor edi.
Shuningdek, ular oʻnlab mahbuslarni yaraladilar, deyiladi Tojikiston Adliya vazirligiga qarovchi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi xabarida. Shundan soʻng isyonkorlar koloniya tibbiyot qismini yoqib yuborishdi, bir nechta mahbusni garovga olib oʻzlarining ozod qilinishini talab qildilar.
Vahdat koloniyasida tergov tadbirlari davom etmoqda.
Maʼlum qilinishicha, xavfsizlik nuqtai nazaridan koloniyada mahbuslarning, jumladan isyonda ishtirok etgan mahbuslarning qarindoshlari bilan uchrashuvlari vaqtincha taqiqlangan.