Qamchiq dovonida avtotransportlar to‘liq harakatlanmoqda
A-373 "Toshkent-O‘sh" avtomobil yo‘lining "Qamchiq" dovoni qismida kecha 14 noyabr kuni tushdan keyin yog‘ishni boshlagan qor bugun 15 noyabr tongida tindi.
Ayni paytda Qamchiq dovonida havo ochiq, quyoshli.
Kecha dovonda qor yog‘ishni boshlagandan so‘ng Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi "Qamchiqavtoyo‘l" ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi ishchilari va texnikalari yordamida "Qamchiq" dovoni yo‘llarida tuni bilan qordan tozalash ishlari olib borildi. Hosil bo‘lgan yaxmalakni bartaraf etish uchun qum va tuz aralashmasi sepilib, yo‘llar harakatlanish uchun xavfsiz holatga keltirildi.
Dovonda kuchli qor yog‘ib turgan paytda ham korxona sa’y-harakatlari bilan avtotransport vositalarining uzluksiz ikki tomonlama harakati cheklangani yo‘q. Dovon yo‘llarida hozirgi vaqtda avtotransport vositalari beto‘xtov ikki tomonlama harakatlanmoqda.
“Qamchiqavtoyo‘l” IYFUK yo‘llar nam bo‘lganligi bois, haydovchilardan tezlikni oshirmasliklarini va keskin tormoz bermasliklarini so‘raydi. Keskin tormoz — sirpanish holatlarini yuzaga keltirishi, buning oqibatida esa ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lishi mumkinligini eslatib o‘tadi.



A.Musayev, O‘zA