“Qallibeknoma” – ibratli va yorqin umr solnomasi
Yangi kitob
Ibratli va yorqin umrlari bilan yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan atoqli insonlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatish yangi O‘zbekiston mafkurasining muhim jihatlaridan biridir.
Chorak asr Qoraqalpog‘istonga oqilona rahbarlik qilgan Qallibek Kamolov ana shunday betakror shaxs edi. U kishi shu yilning 11-fevralida 100 yoshida olamdan o‘tganida davlatimiz rahbari yo‘llagan samimiy hamdardlikda alohida ta’kidlanganidek, “Atoqli davlat va jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Qallibek Kamolovning xotirasi qalblarimizda doimo saqlanib qoladi”.
Joriy yilning 16-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atoqli davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamolov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda belgilanganidek, atoqli oqsoqol tavalludiga 100 yil to‘lgan 18-mart kuni Nukus shahridagi muhtasham “Oq qush” majmuasida Qallibek Kamolov xotirasiga bag‘ishlangan ilk tadbir o‘tkazildi.

Unda butun hayoti va faoliyatini o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan yurt ravnaqiga bag‘ishlagan mohir rahbar, iste’dodli diplomat, ko‘p yillik serqirra mehnat faoliyati davomida boy bilim va tajribasi, rahbarlik salohiyati, yuksak insoniy fazilatlari, vatanimizga beqiyos mehri va sadoqati bilan el-yurt qalbidan chuqur joy olgan ulug‘ insonning oila a’zolari, zamondoshlari, shogirdlari, izdoshlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Qallibek Kamolovning bevosita rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama taraqqiy ettirish, mavjud murakkab iqlim sharoitida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini, shuningdek, sanoat va ishlab chiqarishni ravnaq toptirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilganini ehtirom bilan ta’kidladi.
Aynan shu kunlari Quyi Amudaryo vohasining taniqli ijodkorlaridan biri, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmalari a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Yangiboy Qo‘chqorovning “Qallibeknoma” nomli kitobi chop etildi.
Kitob nafaqat atoqli insonning ibratli va yorqin umri, balki qoraqalpoq diyorining keyingi yuz yildagi turmushini qamrab olgan. Asar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qallibek Kamolovni “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi 2017-yil 26-avgust kungi farmoni matni bilan ochiladi. Keyin Qallibek Kamolovning so‘nggi yillarda bir necha marta nashr etilgan “El xizmatida” nomli memuaridan ozod, obod yurtimiz haqidagi satrlar keltiriladi.
“Men o‘z faoliyatim davomida amalga oshirgan ishlarimni yodga olar ekanman, hayot yo‘lim juda samarali, baxtiyor kechganiga amin bo‘laman. Yuz yoshga kirgan kunlarim bu dunyoda hech bir armonim yo‘q, desam xato qilmagan bo‘laman. Endigi tilagim: avlodlarimiz omon-sog‘ bo‘lgay, Alloh Taolo ularga uzoq umr bergay, elimiz obod bo‘lib, xalqimiz xotirjam hayot kechirgay”, deb yozgan edi otaxon.
Kitobdan butun turkiy olam adabiyotining atoqli siymosi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovning atoqli oqsoqolga bag‘ishlangan “El og‘asi” nomli she’ri o‘rin olgan:
Yurt joyiga qo‘ydi hurmatingizni,
Yurt Egasi aytib xizmatingizni.
Xalq aslo unutmas bir umr qilgan,
Jon kuydirgan halol mehnatingizni.
Kitobning “Elu yurtga mehrin bergan yetakchilar” bobida qoraqalpoq xalqining Olloyor Do‘snazarov, Qosim Avezov, Ko‘ptileu Nurmuhammedov, o‘zbek xalqining Usmon Yusupov, Sharof Rashidov kabi fidoyi rahbarlari, oqsoqolga bevosita ustozlik qilgan taniqli boshchilar Pirjon Seyitov, Mateke Jumanazarov, Navro‘z Japaqov, jonkuyar safdoshlari Yo‘ldosh Qurbonov, Yerejep Aytmuratov, Daulet Yeshimbetov, Kamol Rizayev, Marat Yusupov, shijoatli zamondoshlari Qurbonboy Abdirov, Avazmat Sharipov, Pirjon Xalmuratov, Qosim Nurimbetov, Olimboy Rajabov, Sultanmurat Kanyazov, Olimboy Primov, atoqli akademiklar Sobir Kamolov, Charjau Abdirov, Jumanazar Bozorboyev, el sevgan san’at arboblari Najimetdin Muhametdinov, Bayram Matchonov, Najimetdin Ansatboyev to‘g‘risida so‘z boradi.
Kitobdan nafaqat oqsoqolning qoraqalpog‘istonlik ko‘p sonli izdoshlari, balki hayotining so‘nggi davrini Moskva shahrida yashagan shogirdi Yuriy Jurbin, jizzaxlik mashhur irrigator O‘rish Majidov, samarqandlik olim Yusuf Halimbetov, xorazmlik taniqli rahbar Ismoil Yo‘ldoshevning dil so‘zlari ham o‘rin olgan.
Yangi kitobning o‘ziga xos jihati shundaki, unda oqsoqolning betakror hayoti, oilasi va zamondoshlariga oid ko‘p sonli suratlar berilgan.
Ajoyib ustozimiz bo‘lgan bebaho insonni xotirlash tadbirlari endi boshlandi. Qarorda Xotira va qadrlash kunida jamoatchilik vakillari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi”, ilmiy anjuman o‘tkazish belgilangan.
Yurtimizning fidoyi farzandi, atoqli shaxs haqida hujjatli film yaratiladi, yorqin hayotini aks ettirgan kitob-albom chop ettiriladi, yashagan uyiga yodgorlik lavhasi o‘rnatiladi.
Qoraqalpoq xalqining yangi davrdagi yorqin timsoliga aylangan bu ajoyib inson to‘g‘risida qoraqalpoq va o‘zbek adiblari qator mag‘zi to‘q kitoblar yozdi. Bu mavzuda yanada ko‘p-ko‘p asarlar yaratilishiga ishonamiz.
Atoqli oqsoqol tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlab “Burgutga bosh egmagan bars” hujjatli romanini chop ettirgan taniqli adibning yangi “Qallibeknoma” kitobi bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Ulug‘ inson yodi minnatdor xalqimiz qalbida uzoq vaqtlar yashab qolaveradi!
Ahmed Ibragimov,
Davlat arbobi