Andijon mashinasozlik institutida “Assalom Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Institut professor-o‘qituvchilari, ishchi-texnik xodimlari, talaba yoshlar, mehmonlar ishtirokidagi bayram tantanalari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan institut rektori Umidjon Turdialiyev va boshqalar Navro‘z bayrami yurtimizda Yangi O‘zbekiston barpo etilayotgan yangi bir sharoitda o‘zgacha ko‘tarinkilik bilan nishonlanayotgani, umuman, xalqimizning qadim bayrami har bir yurtdoshimiz qalbidan chuqur joy olgan milliy qadriyatimiz ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng bayram tantanalari boshlandi. “Bahor manzarasi” deb nomlangan rasmlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ustoz ayollar, talaba qizlar ishtirokidagi lapar aytish, guruhlararo soch o‘rish, varrak uchirish, arqon tortish, tosh ko‘tarish musobaqalari, “Zakovat” intellektual bilimdonlar tanlovining institut bosqichi, navro‘z bayramining tarixi, mazmun-mohiyatini ko‘rsatib berishga bag‘ishlangan insholar tanlovida talabalar o‘zlarining bilim, iqtidor va mahoratini namoyish etdi.
Milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha xalqimiz an’analarini targ‘ib etish, talabalarning pazandalik borasidagi mahoratini ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida o‘tkazilgan bahoriy taomlar, polov tayyorlash musobaqasi juda qiziqarli bo‘ldi.
Bayram munosabati bilan institut rektori tashabbusi bilan institutda faoliyat yuritayotgan, shuningdek, institutga biriktirilgan mahallalarda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand xotin-qizlar, pensionerlar, nuroniylar, yolg‘iz yashayotgan keksalar holidan xabar olinib, ularning maishiy muammolarini hal etishga ko‘maklashildi, ularga moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Ayniqsa, fakultetlar Xotin-qizlar maslahat kengashi raislarining institutga biriktirilgan Andijon shahrining “Hamdo‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan o‘zining tabarruk yuz yoshini nishonlayotgan Turdixon momo Xoliqova xonadoniga tashrifidan onaxon, uning oila a’zolari behad mamnun bo‘ldi.
Bayram tadbirida xalqimizning shoh taomi – sumalak tayyorlandi. Sumalak va boshqa bahoriy taomlardan barcha bahramand bo‘ldi. Badiiy va havaskorlik jamoalari, talabalar tomonidan ijro etilgan raqs, kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari barchaga xushnudlik, ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Kechga qadar davom etgan, unutilmas taassurotlarga boy bayram tadbiri barcha ishtirokchilarga ko‘tarinkilik bag‘ishlash bilan birga, mehr-oqibat, hamjihatlik, Navro‘z qadriyatlariga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Yakunda bayram tadbirlarida faol qatnashgan, o‘tkazilgan musobaqalar, tanlovlarning g‘olib va sovrindorlari institut rektorati tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
[gallery-6251]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA