Qalbaki dorilarga qarshi kurashning ishonchli mexanizmi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-yanvardagi "Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida «BioPharma City» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, «CRPT Turon» mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ullari hamda tajriba loyihasida ishtirok etayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning vakillari ishtirok etdi. Muloqot chog‘ida yuqoridagi qaror asosida qonunchilikka kiritilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, hujjatga muvofiq, TIF TN kodlari 3002, 300610, 300660 va 9021909001 bo‘lgan ayrim dori vositalari hamda tibbiy jihozlarni raqamli markirovkalash bo‘yicha maxsus tajriba loyihasini joriy yilning 1-iyulidan 31-dekabriga qadar amalga oshirish belgilangan. Shu bilan birga, ushbu turdagi mahsulotlar uchun 2027-yil 1-iyuldan boshlab majburiy raqamli markirovkalash tizimiga to‘liq o‘tilishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilganidek, mazkur yo‘nalishdagi ishlar bosqichma-bosqich va reja asosida tashkil etilmoqda. Jumladan, ayni paytga qadar tibbiy jihozlar ishlab chiqaruvchi uchta va dori vositalari ishlab chiqaruvchi ikkita korxona mahsulotlarni raqamli markirovkalash va kuzatish milliy axborot tizimi – «Asl belgisi»ga ixtiyoriy ravishda ulanib, sinov jarayonlarida faol qatnashmoqda.
Ma’lumki, «Asl belgisi» tizimi iste’mol bozorini qalbaki va sifatsiz mahsulotlardan ishonchli himoya qilish, har bir dori vositasi hamda tibbiy buyumning ishlab chiqaruvchidan to yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan yo‘lini maxsus raqamli kodlar orqali shaffof tarzda kuzatib borishni ta’minlaydigan zamonaviy milliy platforma hisoblanadi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilar tomonidan tajriba loyihasini amalga oshirish jarayonidagi amaliy masalalar, ishlab chiqaruvchi korxonalarni yangi tizimga bosqichma-bosqich ulash bosqichlari hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yo‘llari muhokama etildi. Soha vakillarining fikr-mulohazalari tinglanib, belgilangan muddatlarda majburiy tizimga muvaffaqiyatli o‘tish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bu kabi sa’y-harakatlar bozorni qalbaki mahsulotlardan ishonchli himoya qilish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning harakatini to‘liq nazoratga olish hamda fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun, raqamli markirovkalash – mahsulotlarning ishlab chiqarilgan joyidan to yakuniy iste’molchiga yetib borguniga qadar bo‘lgan barcha harakatini qadamma-qadam kuzatib borish imkonini beruvchi zamonaviy va xavfsiz tizim hisoblanadi. Bu jarayonda har bir mahsulot qadog‘iga o‘ziga xos takrorlanmaydigan maxsus raqamli kod (Data Matrix shtrix-kodi) tushirilib, tovarning ulgurji va chakana savdo tarmoqlaridagi aylanmasi yagona elektron baza orqali qat’iy nazorat qilib boriladi.
Mazkur tizimning joriy etilishi iste’mol bozorini qalbaki, sifatsiz va noqonuniy mahsulotlardan ishonchli himoya qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xususan, fuqarolar maxsus mobil ilovalar orqali tovardagi kodni skaner qilib, uning aslligi va sifatiga to‘la ishonch hosil qilishlari mumkin bo‘ladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA