Qalb va qalamni uyg‘unlashtirgan ijodkor
Adib shaxsiyati va uning adabiyotdagi o‘rni millat ma’naviy taraqqiyotining muhim mezonlaridan biri. Chinakam ijodkor o‘z davrining ruhini, inson qalbidagi kechinmalarni va jamiyatdagi o‘zgarishlarni badiiy talqin orqali ifodalaydi.
Shu jihatdan taniqli shoir va yozuvchi O‘ktam Mirzayor ijodi o‘zbek adabiyotida alohida o‘rin egallaydi. Uning asarlarida hayot haqiqatlari, insoniy izlanishlar va zamon nafasi o‘ziga xos badiiy yondashuvda aks etgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida shoir tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Tadbir adabiyot ixlosmandlari, ijodkorlar, olimlar hamda yoshlar ishtirokida o‘tkazilib, unda shoirning boy ijodiy merosi keng yoritildi.
Uchrashuv davomida adibning muhim asarlari — ikki jildlik “Adashgan qismat”, “Yigirma yosh ertaklari” kitoblari, shuningdek “Otayor zamondoshlar xotirasida” to‘plami hamda “Jamiyat taraqqiyotida tahliliy janrlarning o‘rni” o‘quv qo‘llanmasi taqdimoti o‘tkazildi.
[gallery-28691]
Ushbu asarlar orqali shoirning ijodiy qarashlari, inson va jamiyat haqidagi falsafiy mulohazalari, shuningdek zamonaviy muammolarga munosabati atroflicha tahlil qilingan.
Tadbirda so‘zga chiqqan adabiyotshunoslar shoir ijodining o‘ziga xos jihatlarini alohida ta’kidlab, uning asarlarida badiiy tafakkur va hayotiy haqiqat uyg‘unlashganini qayd etdi.
Ayniqsa, “Adashgan qismat” va “Yigirma yosh ertaklari” asarlarida inson taqdiri va yoshlar ruhiyati chuqur yoritilgani, “Otayor zamondoshlar xotirasida” to‘plamida esa davr ruhini aks ettiruvchi muhim kuzatishlar mujassam ekani e’tirof etildi.
Mazkur ijodiy uchrashuv nafaqat adib ijodini e’zozlash, balki uning boy merosini yosh avlodga yetkazish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va adabiy muhitni yanada jonlantirishga xizmat qildi.
Ishtirokchilar uchun bu tadbir o‘ziga xos ma’naviy maktab bo‘lib, ijodkor bilan bog‘liq yangi qarash va xulosalarni shakllantirishga zamin yaratdi.
O‘ktam Mirzayor tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ushbu ijodiy uchrashuvni o‘zbek adabiyoti uchun muhim voqea sifatida qayd etishimiz mumkin.
Bu kabi tadbirlar milliy adabiyotimizni rivojlantirish, ijodkorlar merosini targ‘ib etish va jamiyatda ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Dildora Do‘smatova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA