“Qalb diplomatiyasi” xalqaro konferensiyasi yakunlandi
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan “Qalb diplomatiyasi” xalqaro konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.
Konferensiyaning yakuniy kuni huquqiy masalalarga bag‘ishlandi va u mintaqaviy hamda global kontekstda muhim ahamiyat kasb etdi. Muhokamalarda Markaziy Osiyoda huquqiy madaniyatning tarixiy va zamonaviy rivoji, sun’iy intellektning huquqiy tizimlarga ta’siri kabi dolzarb yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, “Buyuk Ipak yo‘li” merosi doirasidagi muhokamalar tarixiy tajriba va zamonaviy integratsiya o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatib, madaniy diplomatiyaning ahamiyatini yanada chuqurlashtirdi.
Uch kun davom etgan mazkur konferensiya mamlakatimizning xalqaro ilmiy va madaniy maydondagi o‘rnini mustahkamlashga oz bo‘lsa-da hissa qo‘sha oldi. Turli davlat vakillari o‘rtasida bilim va tajriba almashish imkonini yaratdi. Eng muhimi, yoshlar va mutaxassislarni birlashtirib, yangi g‘oyalar shakllanishiga xizmat qildi.

Konferensiyada til, adabiyot va huquq birlashgan holda nafaqat nazariy, balki amaliy yechimlar ham taklif qilindi. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdi, yangi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ilgari surildi hamda bir qator muhim tashabbuslar muhokamaga qo‘yildi.
Xususan, konferensiyaning rasmiy nutqlari va panel muhokamalari orqali ilgari surilgan fikrlar oddiy diplomatik bayonotlardan ko‘ra chuqurroq, inson omiliga yaqinroq bo‘lgani bilan ajralib turdi. Ayniqsa, xalqaro munosabatlarga faqat siyosiy yoki strategik emas, balki insoniy yondashuv orqali qarash g‘oyasi kunning asosiy ruhini belgilab berdi.

Muhokamalarda ko‘p tillilik masalasi ham alohida urg‘u bilan tilga olindi. Turli tillarni bilish nafaqat muloqotni osonlashtirishi, balki siyosiy tahlil va diplomatik jarayonlarda chuqurroq anglash imkonini berishi ta’kidlandi.

Xalqaro ta’lim hamkorligiga bag‘ishlangan davra suhbatlari esa turli davlatlar o‘rtasidagi akademik aloqalar uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka xizmat qilishi mumkinligini aniq misollar orqali ochib berdi.
Umuman olganda, konferensiya fikrlar almashinuvi, yangi qarashlar va amaliy xulosalarga boy bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA