Qalamda ham, qurolda ham mohir harbiylar
Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi bilan bir vaqtda ularning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish, adabiyot va san’atga nisbatan qiziqishini oshirish ham muhim vazifadir.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston ranglar jilosida” mavzusida ijodkorlar tanlovining tashkil etilishi ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Harbiy xizmat davomida rassomchilikda o‘z qobiliyatini namoyon eta olgan ijodkor harbiy xizmatchilar saralanib, tanlov o‘tkazildi.
Badiiy ijodkorlar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tanlov jarayonlarini soha mutaxassislari nazorat qilib bordi.

Egniga harbiy libos kiyib, qalamni ham quroli kabi mohirlik bilan ishlata oladigan ijodkor harbiylar mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi. Mazmunan va sifat jihatidan ijobiy baholangan suratlar mualliflari diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida mohir ijodkorlarning rasmlar ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri