O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi arafasida Buxoro viloyatining olis Peshku tumani “Qal’a” mahalla fuqarolar yig‘inida zamonaviy andozada qurib jihozlangan oilaviy shifokor punkti foydalanishga topshirildi.
Mazkur tibbiyot muassasasi tufayli endilikda hududda yashovchi qariyb 9 ming nafar fuqaroga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanmoqda. Negaki, shu kunga qadar salomatligidan shikoyati bo‘lganlar tuman yoki viloyat markaziga borishga majbur edi.

Tibbiyot inshootini foydalanishga topshirish tadbirida tuman mutasaddilari, tibbiyot birlashmasi mas’ullari, mahalla faollari hozir bo‘ldi.
“Qal’a” oilaviy shifokor punktida 2 nafar umumiy amaliyot shifokori va 20 nafarga yaqin o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat boshlamoqda. Binoni talab darajasida jihozlash maqsadida “Open budjet” tashabbusli byudjet loyihasi asosida 1 milliard 280 million so‘m mablag‘ zamonaviy rusumli tibbiyot uskunalari bilan ta’minlashga ajratilgan.

–Bugun har bir mahalla va qishloq 20 yil oldingi ko‘rinishidan butunlay farq qiladi, –deydi shu mahallada yashovchi faxriy tibbiyot xodimi Samandar Choriyev. –Bu ham yurtimizning qay bir go‘shasini olmang, yangilanish va bunyodkorliklar, obodonlashtirish ishlari keng quloch yoygani dalolati, albatta. Bir paytlar biz moslashtirilgan va og‘ir sharoitda ishlagan bo‘lsak, bugun shogirdlarimiz barcha shart-sharoit muhayyo qilingan muassasalarda mehnat qilishayotganidan faxrlanamiz. Muhimi, bu ishlar mahallamiz aholisi salomatligi uchun naf keltiradi.

Oilaviy shifokor punkti ramziy lentasi qirqilgach, tadbirda yig‘ilganlar unda yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumot uchun: tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida so‘nggi yillarda chekka qishloqlardagi vrachlik punktlari faoliyatini yaxshilash maqsadida qator ibratli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Peshku tumanida turli sababga ko‘ra, faoliyati to‘xtab qolgan 8 ta qishloq vrachlik punkti oilaviy poliklinika maqomida qayta tashkil qilindi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri