Qahramonlarning porloq xotirasi unutilmaydi
Andijonda Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Xotira va qadrlash kunining asosiy tadbirlari Andijon shahri markazidagi Xotira xiyobonida o‘tkazildi.
Barcha tadbir ishtirokchilarining ko‘ksiga sharaf lentalari taqildi.
Vatan, uning erki va ozodligi yo‘lida qancha-qancha mard va jasur vatandoshlarimiz aziz jonlarini fido qilgan. Ularning qahramonliklari, ko‘rsatgan jasoratlari hech qachon unutilmaydi. Tadbirda ularning porloq xotiralari yodga olindi.
Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida urush va mehnat faxriylari, harbiylar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar tomonidan Andijon shahri markazidagi Xotira xiyoboniga o‘rnatilgan motamsaro ona haykali poyiga orkestr sadolari ostida guldastalar qo‘yildi.
Tadbirda so‘z olganlar Ikkinchi jahon urushi janggohlarida minglab yurtdoshlarimiz qatori andijonliklar ham matonat, yuksak qahramonlik namunalarini ko‘rsatganligi, Vatan himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lganlarning porloq xotirasi hech qachon unutilmasligini ta’kidlashdi.
Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushi janggohlarida Andijon viloyatidan 97,5 ming nafardan ziyod yigit qatnashgan. Urushdan 43,5 ming nafar andijonlik yigit yurtiga qaytmadi. Ular janggohlarda xalok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Frontdan kelgan 54 ming nafar andijonlik yigitning 40,9 ming nafari nogiron bo‘lib qaytgan.
Sovet armiyasi saflarida fashizmga qarshi olib borilgan kurashda andijonlik jangchilar mardlik, jasorat namunalarini ko‘rsatgan. Urushda Ostanaqul Shokirov, Osman Yaqubov, Abdulaziz Yo‘ldoshev, To‘xtasin Mirzayev, G‘ulom Yoqubov, Sulgi Lutfullin singari andijonlik jangchilar o‘sha davrning eng yuksak mukofoti – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, yana minglab andijonliklar turli orden va medallarga sazovor bo‘lgan.
Bugun ana shu olovli kunlarni boshidan o‘tkazgan andijonliklardan faqatgina to‘rt nafari hayot bo‘lib, ular davlatimizning doimiy e’tibori va xalqimizning ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
Tadbirda urushning suronli damlarini boshidan kechirgan urush va mehnat faxriylariga uzoq umr, sihat-salomatlik tilandi.
[gallery-17349]
Shundan so‘ng Xotira maydonida Ikkinchi jahon urushi davrini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari, harbiy texnikalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Harbiy orkestr sadolari ostida harbiy parad o‘tkazildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),O‘zA muxbirlari