Qahramonlar bor, xotira abadiy
Mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bugungi tinch va osuda hayotimiz yo‘lida umrining navqiron chog‘larini urush olovlarida, janggohlarda o‘tkazgan insonlar zahmatini bemisl jasorat sifatida baholaydi.
Partiya g‘oyalari, maqsad va vazifalari mohiyatida hamisha o‘tganlar ruhiga ehtirom ko‘rsatish, tiriklarni qadrlash insoniylikning oliy qadriyatlaridan biri ekanligi tarannum etib kelinadi.
Xotira – bu qadr. Xotira – bu tarix. Xotira bu – ibrat. Zotan, kechagi kunimiz ulug‘larini yod etish, xalqimiz kelajagi yo‘lida jonini fido qilgan insonlarni xotirlash bugungi kunimizning qadriga yetishga, shukronalikka o‘rgatadi. Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida keng nishonlanmoqda.

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi deputatlari, “Yoshlar qanoti” a’zolari Nukus shahri “Amudaryo” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi yuz yoshni qarshi olgan Ikkinchi jahon urushi faxriysi Qadirbay ota Narmanovning xonadonida bo‘ldi.
Partiya faollari faxriy otaxon bilan dildan suhbatlashib, uning hayot yo‘li, urush yillaridagi mashaqqatli damlari, jangovar xizmatlari haqidagi hikoyalarini katta qiziqish bilan tingladi. Samimiy suhbat davomida o‘tgan kunlar xotirasi, bugungi tinch va farovon hayotimiz, yoshlarning baxtli yashashi uchun qilingan ishlar haqida iliq so‘zlar aytildi.

– Har yili Xotira va qadrlash kuni arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti fidoyilari holidan xabar olish partiyamiz an’anasiga aylangan. Bu kun, nafaqat urushda jonbozlik ko‘rsatgan qahramonlarni yodga olish, balki ularning fidokorona xizmatlarini qadrlash, yoshlarga vatanparvarlik ruhini singdirish uchun ham muhimdir, –deydi xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi deputati Iristi Quttimuratova.
Darhaqiqat, Qadirbay otaning hikoyalari tarixiy haqiqatni o‘zida mujassam etgan bo‘lib, ularda jasorat, matonat va sabr-toqatning yorqin namunasini ko‘rish mumkin. Bu kabi suhbatlar, faxriylarga ko‘rsatilgan e’tibor va hurmat yoshlarga ruhiy tayanch, kuch-quvvat bag‘ishlab, ularni Vatanga, o‘z yurtiga fidoyilik bilan xizmat qilish ruhida tarbiyalaydi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.