Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi, Sovet ittifoqi qahramoni G‘ulom Yoqubov xotirasiga bag‘ishlangan “Sening jasorating mangu” deb nomlangan onlayn ochiq dars bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston va Belarus elchixonalari tashabbusi bilan “Onlayn-teleko‘prik” loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda elchixonalar, O‘zbekistondagi Belarus, Belarusdagi O‘zbek milliy madaniy markazlari, keng jamoatchilik vakillari, faxriylar, shuningdek, Minsk shahridagi G‘ulom Yoqubov nomli 36-maktab, Mogilyov viloyati Bixov tumanidagi 1-maktab, Toshkent shahridagi 210-, 145-, Asaka tumanidagi 26-umumta’lim hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Asaka tumani ixtisoslashtirilgan maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.

Ochiq dars tadbirini Shanxay hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiya markazi direktori Qobiljon Sobirov olib bordi.
Tadbirda o‘zbek va Belarus xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik munosabatlari, xususan, Ikkinchi jahon urushida Belarus yerlarini fashizmdan ozod etishda o‘zbek askarlarining ishtiroki, mardligi haqida so‘z yuritildi.

Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushi janggohlarida birgina Andijon viloyatidan 97,5 ming nafardan ziyod yigitlar qatnashgan. Urushdan 43,5 ming nafar andijonlik yigit yurtiga qaytmadi. Ular janggohlarda halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Frontdan 54 ming nafardan ziyod andijonlik yigitlarning 40 ming nafardan ortig‘i nogiron bo‘lib qaytgan.
Sovet armiyasi saflarida fashizmga qarshi olib borilgan kurashda andijonlik jangchilar mardlik, jasorat namunalarini ko‘rsatgan. Urushda Ostanaqul Shokirov, Osman Yaqubov, Abdulaziz Yo‘ldoshev, To‘xtasin Mirzayev, G‘ulom Yoqubov, Sulgi Lutfullin singari andijonlik jangchilar o‘sha davrning eng yuksak mukofoti – Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, yana minglab andijonliklar turli orden va medallar bilan taqdirlangan.
Jumladan, Asaka tumani Mirzaobod qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan G‘ulom Yoqubov ham Sovet ittifoqi qahramoni, degan yuksak unvonga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimizdan biri edi. U 1937-1940 yillarda armiya safida xizmat qilib, 1939-1940 yillarda bo‘lib o‘tgan sovet-fin urushida qatnashdi. 1940 yilda uyiga qaytgan G‘ulom Yoqubov 1941 yilda Ikkinchi jahon urushi boshlanishi munosabati bilan yana harbiy xizmatga chaqiriladi.

U harbiy ofitserlar tayyorlash kursini tamomlab, 1942 yilning sentyabrida 2-Belorussiya fronti 156-o‘qchi diviziyasi 556-o‘qchi polkining avtomatchilar rotasi vzvod komandiri lavozimida xizmatni davom ettirdi.
1944 yilning yoziga kelib, kapitan G‘ulomjon Yoqubov 556-o‘qchi polkining avtomatchilar rotasi komandiri sifatida Belorussiyani fashistlardan tozalash janglarida mardlik namunalarini ko‘rsatdi.
1944 yilning 24 iyuniga o‘tar kechasi kapitan G‘ulomjon Yoqubovning avtomatchilar rotasi Belorussiyaning Ludchitsa qishlog‘i hududida dushman mudofasini yorib kirdi, fashistlarning uchta transheyasini ishg‘ol kilib, o‘ta muhim tepalikni egalladi. Polkning boshqa bo‘linmalaridan ajralib qolgan avtomatchilar rotasiga qarshi dushman yirik kuchlarini tashladi, rota komandiri G‘ulomjon Yoqubov boshchiligida askarlar 20 soat davomida, ya’ni yordam kuchlari kelguniga qadar kuch jihatdan ustun bo‘lgan dushman hujumlarini kaytardi. Rota katta talafotlar ko‘rdi, lekin egallagan tepalikni matonat bilan ushlab turdi. Mana shu jangda kapitan G‘ulomjon Yoqubov qahramonlarcha halok bo‘ldi. Janglarda ko‘rsatgan mardligi va jasurligi uchun u o‘limidan keyin yuksak unvon bilan taqdirlandi.
Onlayn ochiq dars davomida ishtirokchilar G‘ulomjon Yoqubovning ana shu qahramonliklari haqida gapirdi. Uning qisqa, lekin mazmunli hayoti, jasorati avlodlarga hamisha ibrat ekanligi ta’kidlandi.
– Dars jarayonida, toshkentlik, belaruslik tengdoshlarimiz bilan muloqotda qahramon bobomiz G‘ulomjon Yoqubov, uning jasorati haqida ko‘p narsalarni bilib oldik, – deydi Asaka tumanidagi 26-umumta’lim maktabi 11- sinf o‘quvchisi Zebuniso Sobirova. – Belarus xalqi, yoshlari tomonidan bobomiz xotirasiga yuksak hurmat ko‘rsatilayotganidan qalbimiz faxrga to‘ldi. G‘ulomjon Yoqubov singari qahramon ajdodlarimiz bilan hamisha faxrlanamiz.
Qiziqarli muloqotlar asosida o‘tgan ochiq dars, ayniqsa, o‘quvchi yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri