-
Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,
Demak, bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Ko‘plab bayramlar orasida eng go‘zali, eng nafisi, eng rang-barangi va qalblarni yashartiruvchisi bu – Navro‘z. Chunki Navro‘z ayyomi ko‘klam fasli ila qalblarimizga bahoriy iliqlikni, jo‘shqinlik va ko‘tarinkilikni, ulkan orzu-havaslar sururini olib keladi.
Navro‘z milliy qadriyatlarimiz, asriy urf-odatlarimiz, ota-bobolarimizdan, momolarimizdan meros an’analarimiz bilan mushtarak holda namoyon etadi o‘zini. Azaliy urf-odatlarimiz va milliyligimizga hamohanglik bu ayyomning qadrliligini, dilimizga, shuurimizga yaqinligini oshiradi.
Navro‘z faqatgina bahoriy ayyom ekanligi bilan emas, balki mehru saxovat, bag‘rikenglik, poklik ayyomi ekanligi bilan ham aziz, ezgu amallarga, yaxshiliklarga chorlashi bilan mukarramdir.
Bolaligimizdan ongu shuurimizga singdirilgan “Navro‘zda urishganlar yarashadi, bu kunda urushlar to‘xtatiladi, hamma bir-biriga yaxshilik qiladi”, degan o‘gitu qarashlar uning mehr-oqibat ayyomi sifatida qalbimiz to‘ridan joy olishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajabmas.
Bolalik xotiralarimda muqim o‘rnashib qolgan, xuddi hozir bo‘layotgandek ko‘z oldimda gavdalanadi – bahor kelishi, Navro‘z shukuhi boshlanganidan dugonalar chug‘urlashib, endigina ko‘kara boshlagan tol novdalarini sindirib, jamalak yasardik. Rahmatli amaki-bobomizning tol daraxtlari ko‘p edi. Qo‘ni-qo‘shnining bolalari, qizchalari hammamiz tolbargak “o‘g‘riligiga” tushardik. Tol egalarining urishib, quvishiga qaramay, ularning ko‘zini poylab, yana sindirib ketardik. Ba’zan esa dugonalarim “seni amakingku, opalaringdan so‘ra, yana olaylik” deyishardi. Bizni jamalak yasashimiz ko‘p bo‘lsa, qayta-qayta so‘rashga uyalib, yashirincha olib ketardik-da. Ko‘chamiz bola-baqrasi yig‘ilib qolsa, har xil o‘yinlar boshlanib ketardi: oq terakmi-ko‘k terak, besh tosh, yashirinmachoq, quvlashmachoq va hokazo.
Bu yoqda esa har gal Navro‘z yaqinlashganidan qishlog‘imizdagi hamma xonadonlardan kishi boshiga pul yig‘ish boshlanardi – halisa uchun (Buxoroda halim milliy taomimizni “halisa” deyishadi). Halisa bizning hududimizda keng urfga aylangan milliy taomlarimizdan. Ayniqsa, bahor kelishi bilan, Navro‘z kunlarida hamma mahallayu qishloqlarda qator doshqozonlarda halisa pishiriladi.
Halisani yeyishdan ham ko‘ra, uning bahonasida butun qishloq ahli bir joyga jam bo‘lishi, kuy-qo‘shiq, raqslar, bir tomonda esa 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida kurash tushishlarni tomosha qilishning zavqi boshqacha edi. Navro‘z, bayram shukuhi hammaning yuz-ko‘zidan balqib turadi. Hamma ayollar Navro‘z dasturxoni uchun topganini, ataganini ko‘tarib boradi – ko‘pchilik yesa, savobi tegadi, deya ehson sifatida chin dildan niyat qilib, bo‘g‘irsoq, ko‘k somsayu chuchvara, shirinliklarni dasturxonga tortishadi. Kattayu kichik hamma bir dasturxon atrofida o‘tirib, noz-ne’matlardan, halisadan to‘yib yeyishadi. Bemorlar, kelolmaganlarga esa, albatta, halisa berib yuboriladi. Shundan so‘ng Qur’on tilovat qilinib, elu yurtga tinchlik, sog‘lik-esonlik, dehqonchilikka baraka tilab, duo qilinadi. Shundan keyin “qishlog‘imizning Navro‘zi” kurash va bayram tantanalariga ulanib ketadi.
Bolaligimizdagi ayni mana shu fayzli damlar orqali Navro‘z birdamlik, hamjihatlik, og‘zibirlik, samimiylik, o‘zaro mehr-oqibat, saxovat, ezgulik ayyomi sifatida yuragimizga, ruhiyatimizga singgani rost.
Bugun ham qishlog‘imizda ana shunday manzara davom etib kelmoqda. Katta-katta qozonlarda halisa, butun qishloq ahli yig‘ilgan guzar, bolalar qiy-chuvi, bayram ko‘ngildagidek o‘tishi uchun tashkilotchi aka-ukalarimiz, mahalla oqsoqoli va xotin-qizlar faollarining yugur-yuguri – hammasi Navro‘zi olamning mehru saxovat aks etgan damlari.
Bu serfayz manzarani doim sog‘inaman, qosh-ko‘zi yuragimga yaqin qishloqdoshlarim, tengdoshlarim, dugonalarim, tafti issiq yaqinlarimning sog‘inchi ich-ichimda turadi. Har yili bahor yaqinlashishi bilan onam “Navro‘zda kelsang, falon kuni qishloqning halisasi, hammani ko‘rib ketasan” deydilar.
Ha, Navro‘zda borsam, hamma qarindosh, qo‘ni-qo‘shni, qishloqdoshlarni ko‘raman, hol-ahvol so‘rashaman. Bolaligimda ko‘rgan ko‘zlarim keksaygani, qartaygani, ko‘plar oramizdan ketgani, tengdoshlarim esa ancha ulg‘ayganini ham kuzataman. Qishlog‘imizga yangi kelinlar tushganiyu yosh avlod o‘sib kelayotganini ko‘rib, umrimiz o‘tayotganini yanada yurakdan his qilaman...
Navro‘z milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz tarannumi o‘laroq, o‘zligimizni anglashga, bolalik xotiralarimizni varaqlashga chorlaydigan fursatdir, ich-ichimizdagi mehr-oqibat va shukronalik tuyg‘ularimizning qayta uyg‘onishiga, o‘zaro oqibat, hamjihatlik bo‘y ko‘rsatishiga rishta bo‘ladigan ayyomdir. Shoir yozganidek:
Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Muhtarama Komilova, O‘zA