Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev milliy ma’naviyatimizga mutlaqo begona bo‘lgan zararli g‘oyalar, tushuncha va qarashlar chegarani buzmasdan, bildirmasdan, ta’bir joiz bo‘lsa, “chaqirilmagan mehmon” bo‘lib xonadonimizga, jamiyatimizga, eng yomoni, murg‘ak bolalarimizning pokiza qalbi va yuragiga kirib kelayotgani xususida doim kuyinchaklik bilan yurtimiz jamoatchiligini ogoh etib keladi.
Darhaqiqat, bugun ma’naviy hayotimizda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olish, xotin-qizlarni va farzandlarimizni turli tahdidlardan asrash, zarur axborot immunitetini, internet tizimidan oqilona va to‘g‘ri foydalanish madaniyatini shakllantirish, globallashuv davrida fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi faqat g‘oya bilan kurashish g‘oyatda muhimdir.
Ming afsuski, hozirda internet vositasida turli yot g‘oyalarni insonlar ongiga xususan, ayollar va yoshlar ongiga singdirish, axborot xurujlarini uyushtirish va shu orqali barqarorlikka putur yetkazishga urinish kabi g‘ayriinsoniy ishlar internet saytlari orqali intensiv ravishda amalga oshirilmoqda. Ushbu manipulyatsiya usullarini qo‘llashda yoshlar va ayollarning qiziquvchanligi, yangilikka, modaga, o‘zini namoyish qilishga intiluvchanligi, mafkuraviy immuniteti zaifligi, milliy qadriyatlardan begonalashgani kabi omillarga tayanilmoqda.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, internetda o‘z joniga qasd qilishning oson yo‘llarini targ‘ib qiluvchi 9 mingdan ziyod saytlar mavjud bo‘lsa, ularning 49 foizi kompyuter o‘yinlari, zo‘ravonlik va yovuzlikni targ‘ib qiladi. Ayni vaqtda 40 foizdan ortiq bolalar va o‘smirlar onlayn tarzda tarqatiladigan pornografiya ta’siriga butunlay tobe bo‘lib qolgan. Dunyo miqyosida 38 foiz bola zo‘ravonlik ruhidagi saytlarga, 26 foizi millatchilik xarakteridagi veb-sahifalarga muntazam kiradi.
O‘zbekistonimizda internet tizimidan foydalanuvchilar soni muttasil tarzda ortib bormoqda. Ularning aksariyatini o‘quvchi-yoshlar tashkil qiladi. Mutaxassislar “Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentidagi sayt va kanallarni kuzatsangiz, 90 foizdan ortig‘i saviyasiz va behayolikni targ‘ib qiladi. Eng dahshati, mana shu sayt va kanallarda katta auditoriya jamlangan”, degan xulosani bergan.
Shuningdek, keyingi paytlarda xotin-qizlar o‘rtasida yot g‘oyalarga berilish, shaklparastlik, buyumparastlik, libosparastlik, boshqa xalqlar kiyinish usullariga taqlid qilish, milliy qadriyatlardan begonalashish kabi negativ tendensiyalar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri insonlar ongiga internet saytlarining negativ yo‘nalishdagi manipulyativ ta’siridir.

Bu kabi salbiy holatlar sabab yoshlar va ayollar o‘rtasidagi jinoyatlar, moliyaviy o‘yinlarga aralashib qolish, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish ko‘rsatkichlari sezilarli ortmoqda.
Aytish kerakki, O‘zbekiston so‘nggi yillarda BMTning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda va bu boradagi asosiy universal huquqiy hujjatlarning ishtirokchisi hisoblanadi.
Mazkur omillarni inobatga olib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida turli salbiy holatlarning oldini olish borasidagi targ‘ibot ishlarida yangicha yondashuvlarni qo‘llash yuzasidan mas’ullarning tajriba va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamkorligida “Qadriyatlar. Global olam. Ijtimoiy muammolar“ mavzusida vazirlik, qo‘mita, idora va tashkilotlarning, hududlardagi mas’ul xodimlari uchun 2 kunlik seminar tashkil etilmoqda.

Seminarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, hududiy Oila va xotin-qizlar boshqarmalarining mas’ul xodimlari, bosh otinoyilar, Xotin-qizlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib boruvchi targ‘ibot guruhlari a’zolaridan iborat davlat xizmatchilari hamda faol jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda. Mavzuga doir ma’ruzalar tinglanmoqda.
Shu bilan birga ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi islohotlar, mahalla xotin-qizlar faollarining hamkorlik mexanizmlari va istiqboldagi vazifalar, O‘zbekistonda davlat va din munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlari, xotin-qizlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni takomillashtirish, buzg‘unchi va yot g‘oyalar ta’siridan asrash, milliy, diniy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish mexanizmlari, ijtimoiy ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Qolaversa, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga oid targ‘ibotning maqsadi va amalga oshirish texnologiyalari, yoshlar tarbiyasi: milliy qadriyat va “ommaviy madaniyat”, internet madaniyatining 10 qoidasi, internetdagi tahdidlardan himoya, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni ma’naviy sog‘lomlashtirish mexanizmlari kabi dolzarb masalalarni qamragan mavzularga katta ahamiyat qaratilmoqda.

N.Usmonova, O‘zA