Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!
Insonning o‘zligi, ma’naviyati uning ona tiliga bo‘lgan munosabatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi mavqei va maqomini yuksaltirish masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilmoqda.
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi muhtasham va tarovatli Milliy bog‘ erta tongdanoq gavjum bo‘ldi.
Kuzning nafis havosi qorishgan ushbu donishmandlik va ma’rifat maskanida tilimizga, milliy o‘zligimizga va buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtirom yaqqol sezilib turdi. Maydonda baland yangrayotgan mumtoz navolar va Navoiy g‘azallari yig‘ilganlar qalbiga yanada faxr va g‘urur bag‘ishladi.
Ona tilimizni asrab-avaylash, uning yurtimiz va xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada yuksaltirish, yosh avlodda o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va ehtiromni kuchaytirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu borada milliy qonunchiligimizning izchil takomillashtirilayotgani ona tilimiz ravnaqi yo‘lida yangi istiqbollarni ochmoqda.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida ona tilimiz rivojiga bag‘ishlangan tadbirlar, ma’rifiy loyihalar, anjumanlar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Keng jamoatchilik hamda nuroniylar, ijodkor ziyolilar buyuk shoir bobomiz Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
[gallery-32085]
Shu kuni poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni”da ona tilimizni tarannum etishga oid ijodiy uchrashuvlar, muloqotlar bo‘lib o‘tmoqda. Darhaqiqat, Alisher Navoiy haykali poyida turib, ona tilimizning naqadar boy va jozibador ekanini yana bir bor his etamiz. Til bu millatning ruhi, uning asrlar osha yashab kelayotgan xotirasidir. Bugungiday bayramlar yoshlarimiz qalbida o‘z tiliga bo‘lgan muhabbat va faxr tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi.
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab tadbirlar davom etmoqda.
N.Usmonova, F.Abdurasulov (suratlar), O‘zA