Qadring baland boʻlsin, ona tilim
Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, birlamchi boyligi bor.
Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, birlamchi boyligi bor.
Bu – uning tili. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida birlashtiradi, yaʼni xalqni – xalq, millatni – millat qiladi.
1989-yil 21-oktyabr. “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri boʻlgan ona tilimiz oʻzining qonuniy maqomi va himoyasiga ega boʻldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan esa 2019-yil 21-oktyabr kuni “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmon qabul qilindi. Unga binoan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining 31 yilligi hamda “Oʻzbek tili bayrami” kunini nishonlash qizgʻin pallaga kirmoqda. Buning isbotini Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” shiori ostidagi bayram tadbiri misolida koʻrishimiz mumkin.
Bayramning asosiy tadbirlari ona tilimizning buyukligi, jozibadorligi, boyligi, betakrorligi va oʻziga xos fazilatlari aks etgan oʻzbek adabiyotining buyuk mutafakkir shoirlari, adiblari va yozuvchilarining sara asarlari joy olgan kitoblar koʻrgazmali savdo yarmarkasi bilan boshlandi.
Navoiy shahridagi “Bolalar musiqa va sanʼat maktabi”da tashkil etilgan tadbirda bugungi kunda ona tilimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligi, buyuk tarixga ega ona tilimizga mustaqil yurtimizning davlat tili maqomi berilgani barchamizga gʻurur va iftixor bagʻishlayotgani hamda davlat tilida ish yuritish va uning oʻziga xos fazilatlarini saqlab qolish boʻyicha Davlat bojxona qoʻmitasi tizimida ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani alohida taʼkidlandi.
Tadbirda “Bolalar musiqa va sanʼat maktabi” yoshlari va viloyatning iqtidorli sanʼatkorlari tomonidan ona tilimizning jozibadorligini tarannum etuvchi eng sara sheʼrlar, gʻazallardan namunalar oʻqildi hamda ular asosida yaralgan mumtoz kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.